Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bilasizmi, tezlikni oshirganingizga qancha jarima to‘laysiz?

Tahlillarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisalarining aksariyati avtoulovni tez haydash oqibatida kelib chiqmoqda. Bunga barham berish maqsadida joylarda avtomatlashtirilgan fotoradar moslamalari o‘rnatilib, transport vositalari haydovchilarining chegaralangan tezlikka itoat etishlari nazorat qilinmoqda. Shu bilan birga tezlikni oshirganlik uchun turli miqdorda jarima choralari qo‘llan­yapti.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 1283-moddasi talablariga ko‘ra, transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborishi eng kam ish ha­qining bir baravari (ayni paytda 202.730 so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Agar bu tezlik soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborilishi yoki transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘yilsa, eng kam ish haqining besh baravari (1.013.650 so‘m) miqdorida jarima solishga olib keladi.

Haydovchilar o‘rnatilgan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborsa, eng kam ish haqining yetti baravari (1.419.110 so‘m) miqdorida jarima to‘laydi. Agar haydovchi belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ortiq lekin 40 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirsa yoki harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ikki marta ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirsa eng kam ish haqining o‘n baravari (2.027.300 so‘m) miqdorida jarima to‘laydi yoki transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum bo‘ladi.

Mabodo haydovchi harakat tezligini oshirganlik bo‘yicha bir yilda bir necha bor huquqbuzarlik sodir etib, unga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanilgan bo‘lsa, transport vositasini boshqarish huquqidan ikki yil muddatgacha mahrum etiladi.

Baxtiyor YuLDOShEV,

Samarqand shahridagi "Baxtiyor-protect"

advokatlik byurosi rahbari.