O‘xshash ko‘rinishga ega davlat bayroqlari

Davlat bayrog‘i har bir mamlakatning eng muhim davlat ramzlaridan biri hisoblanadi. Ayni kunlarda AQSh, Meksika va Kanada mezbonlik qilayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida ham stadionlarda ishtirokchi mamlakatlar bayroqlari ulkan hajmda namoyish etilmoqda, millionlab muxlislar esa ular orqali jamoalarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Umuman, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlari kabi xalqaro musobaqalarda turli davlatlar bayroqlarini tez-tez uchratamiz. Aksariyat bayroqlarni osonlik bilan ajratish mumkin. Biroq tashqi ko‘rinishi, ranglari yoki kompozitsiyasi bir-biriga juda o‘xshash bo‘lgan davlat bayroqlari ham bor. Ayrim hollarda ularni farqlash uchun sinchiklab nazar tashlashga to‘g‘ri keladi.

Chad va Ruminiya

Bu ikki mamlakat bayrog‘i dunyodagi eng o‘xshash davlat ramzlari sifatida e’tirof etiladi. Ikkalasida ham ko‘k, sariq va qizil rangli vertikal tasmalar mavjud bo‘lib, farq asosan ko‘k rangning tusida seziladi.

Ruminiyaning uch rangli bayrog‘i XIX asrda shakllangan bo‘lsa, Chad bayrog‘i 1959 yilda mamlakat mustaqillikka erishishi arafasida qabul qilingan. Dastlab unda yashil rang qo‘llanilishi rejalashtirilgan, ammo bu Mali bayrog‘iga juda o‘xshab ketgani uchun uning o‘rniga ko‘k rang tanlangan. Andorra bayrog‘i ham shu ranglarga ega, ammo markazidagi davlat gerbi bilan ajralib turadi.

Senegal va Mali

Bu ikki davlat bayrog‘i ham yashil, sariq va qizil vertikal tasmalardan iborat. Asosiy farq shundaki, Senegal bayrog‘ining markazida yashil besh qirrali yulduz tasvirlangan. Gvineya bayrog‘i ham shu ranglarga ega, ammo unda tasmalar qizil, sariq va yashil tartibida joylashgan.

 Yangi Zelandiya va Avstraliya

Avstraliya hamda Yangi Zelandiya bayroqlari Britaniyaning harbiy xizmatchi (praporshik) unvoni asosida yaratilgan bo‘lib, ikkalasida ham Janubiy Xoch yulduz turkumi aks etgan.

Avstraliya bayrog‘ida katta «Hamdo‘stlik yulduzi» va besh yulduz tasvirlangan bo‘lsa, Yangi Zelandiya bayrog‘ida qizil rang bilan bezatilgan to‘rtta yulduz joylashgan. Ana shu o‘xshashlik sababli Yangi Zelandiyada bir necha bor davlat bayrog‘ini o‘zgartirish masalasi muhokama qilingan.

Norvegiya va Islandiya

Bu ikki mamlakat bayrog‘ining asosiy dizayni bir xil bo‘lib, farq ranglar joylashuvida. Norvegiya bayrog‘i qizil fonda oq hoshiyali ko‘k xochdan, Islandiya bayrog‘i esa ko‘k fonda oq hoshiyali qizil xochdan iborat.

Ikkalasi ham Skandinaviya davlatlariga xos xochli bayroqlar an’anasini davom ettiradi.

Iordaniya va Falastin

Iordaniya va Falastin bayroqlari ham deyarli bir xil. Farq faqat Iordaniya bayrog‘idagi qizil uchburchak ichida joylashgan oq yulduzdir.

Ushbu bayroqlardagi qora, oq, yashil va qizil ranglar arab xalqlarining tarixiy birligi hamda yirik musulmon sulolalarining ramziy ranglarini anglatadi.

Venesuela, Ekvador va Kolumbiya

Bu uch davlat bayroqlari tarixan Buyuk Kolumbiya davlati bilan bog‘liq. 1822 yilda qabul qilingan sariq, ko‘k va qizil rangli bayroq keyinchalik ushbu davlat parchalangach, har uch mamlakat tomonidan saqlab qolingan.

Kolumbiya va Ekvador bayroqlarida sariq tasma boshqalariga nisbatan kengroq. Venesuela bayrog‘ida esa uchala tasma bir xil kenglikda bo‘lib, markazida yulduzlar yoyi tasvirlangan. Ekvador bayrog‘i markazida davlat gerbi, Venesuelada esa gerb yuqori burchakda joylashgan.

Sloveniya, Rossiya va Slovakiya

Rossiyaning oq, ko‘k va qizil rangli bayrog‘i XVII asr oxirida Gollandiya bayrog‘i ta’sirida yaratilgan. Keyinchalik ushbu ranglar ko‘plab slavyan xalqlari uchun umumiy ramzga aylandi.

Shu sababli Slovakiya va Sloveniya bayroqlari Rossiya bayrog‘iga juda o‘xshaydi. Ularning asosiy farqi davlat gerbining joylashtirilgani hamda bayroqlar nisbatidadir.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.