Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bir yarim yilda yechilmagan masala bir haftada hal etiladigan bo‘ldi

Payshanba shaharchasi Qiyot mahallasida yashovchi Husan Toshmamatov tadbirkorlikni boshlash istagida yurgan yoshlardan. U parrandachilik bilan shug‘ullanish maqsadida kredit olish uchun 1 yarim yildan beri ovora. Husan bugun viloyat hokimining Kattaqo‘rg‘on tumani aholisi uchun o‘tkazgan sayyor qabulida o‘zini qiynab kelayotgan muammo bo‘yicha murojaat qildi.

U o‘tgan galgi sayyor qabulda ham bu masalani ko‘tarib chiqqan edi. Ammo mas’ullarning mas’uliyatsizligi, “bajaramiz, hal etamiz”, degan va’dalari qog‘ozda qolib ketgan. Viloyat hokimi bu yigitning murojaati bir hafta ichida hal etilmasa, bu gal boshqacha chora ko‘rilishini aytdi.

- Parrandachilik bilan shug‘ullanishga qiziqishim kuchliligidan Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga borib, 3 oylik o‘quv kursida qatnashib sertifikat olganman, - deydi u. – Bir yarim yildan buyon “Xalq banki”ga murojaat qilaverib ovora bo‘ldim. Bugun viloyat hokimiga murojaat qildim. Viloyat hokim shu masala bir hafta ichida hal etilmasa, mas’ullar ishidan ozod etilishini aytdi.

Shu masala bo‘yicha Xalq banki tuman filiali mas’ullari bilan suhbatlashmoqchi edik. Ular intervyu berishni istamadi.

Nahotki, tuman mutasaddilari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, ammo harakati bor ana shunday yigitlarga imkoniyat yaratib berish o‘rniga ular qilgan murojaatlarini bee’tibor qoldirishsa.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV.