Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash masalasi senatorlar diqqat markazida bo‘ladi

Oliy Majlis Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashdagi dolzarb muammolar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash borasida hukumat tomonidan qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Aholi bandligiga ko‘maklashish davlat dasturi loyihasini har yili 1 dekabrdan kechiktirmay Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilab qo‘yilgan va bu tartibga amal qilinyapti.

Qolaversa, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab texnikumlar o‘quvchilariga amaliyot o‘tash joylarini tashkil qilish hamda kelgusida ishga joylashishlari uchun 800 ga yaqin tarmoq korxona va tashkilotlarga biriktirish yuzasidan hukumat qarori tayyorlangan.

Xizmatchilarning asosiy lavozimlar va ishchilar kasblari klassifikatori loyihasi tayyorlanib, unga 2163 ta yangi lavozim va kasb qo‘shilib, umumiy soni 12 151 birlikka ortgan.

2019-2021 yillarda Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari uchun zamonaviy binolar qurish, xodimlarni rag‘batlantirish va moddiy-texnika bazasini yaxshilash maqsadida talab etiladigan xarajatlarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 24 mlrd. 600 mln. so‘m mikdorida mablag‘ moliyalashtirilib, 20 ta zamonaviy xizmat ko‘rsatish binolari foydalanishga topshirilgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi bakalavr va magistr diplomlarining yagona elektron bazasini shakllantirish maqsadida otm.mehnat.uz axborot tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tizimga hozirgi kunda oliy ta’lim muassasalari tomonidan 1 mln. 80 mingdan ortiq (70 foiz) ma’lumot kiritilgan.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan 2020 yil bakalavr va magistr bitiruvchilarining diplomlariga individual QR-kod qo‘yish “qrdiplom.edu.uz” axborot tizimi ishlab chiqilgan hamda “Yoshlar daftari” va Davlat soliq qo‘mitasining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan.

“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida www.ish2.mehnat.uz bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bazasi yaratilgan.

Shuningdek, xorijiy tajribani o‘rgangan holda “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn maydonini ishga tushirish orqali fuqarolarni kunlik ishga yollashda ish beruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga interaktiv xizmatlar ko‘rsatish rejalashtirilmoqda.

Majlisda bu borada amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish jarayonida senatorlar bitiruvchilar bandligini ta’minlash borasida bir qator tavsiyalarni ilgari surdi.

Jumladan, oliy va professional ta’lim muassasalari bitiruvchilarini o‘quv-ishlab chiqarish amaliyotiga jalb qilish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan oliy ta’lim muassasalariga buyurtmalar berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish, rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rgangan holda xususiy sektorda kadrlarni ishga joylashtirish bo‘yicha sub’yektlar faoliyatini rag‘batlantirish tizimini yaratish, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan band bo‘lgan fuqarolarning ish sharoitlari, ijtimoiy va yashash-turmush ta’minoti, chet ellik ish beruvchilar bilan tuziladigan mehnat shartnomalarining huquqiy jihatlari va boshqa masalalarda yordam ko‘rsatish tizimini yaxshilashga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.