Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bitta maktab bir o‘quv yilida 9 ta birinchi sinf ochishi mumkinmi?

Samarqand shahridagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2019-2020 o‘quv yilida 9 ta birinchi sinf ochilgan. Bu – 304 nafar o‘quvchi degani.

Vaholanki, shahardagi ayrim maktablarda bor-yo‘g‘i 1-2 tadan sinf ochilgan. 33, 35-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida esa bitta sinfda belgilangan me’yordagi 35 nafar o‘rniga 40 nafar o‘quvchi o‘qiyapti.

Bu hozircha bizga ma’lum bo‘lgan holat. Bunday vaziyatni boshqa maktablarda ham kuzatish mumkin.

Hurmatli ota-onalar, 40 nafar bola o‘qiydigan sinfda 45 daqiqa dars davomida aynan Sizning farzandingiz bilan o‘qituvchi jiddiy shug‘ullanishiga ishonasizmi?

Og‘izga tushgan maktablarni bitirgan yoshlar asosan repetitor va o‘qimishli ota-onasining ko‘magi, tarbiyasi bilan OTMlarga  kirayotganini tahlil qilganmisiz?

Farzandini, qarindoshlarini mikrohududga aloqasi bo‘lmagan maktabga joylashtirish uchun turli usullarni qo‘llagan “hojatbaror”lar, sizlar bu harakatingiz bilan ta’lim tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganingizni bilasizmi? Aynan shu tufayli ayrim maktablarda darslar qariyb uch smenada bo‘layotganidan xabaringiz bormi? Bunday sharoitda ta’lim sifati haqida gap bo‘lishi mumkinmi?

Bu haqda avvalo, mutasaddi idoralar va jamoatchilikning munosabatini kutamiz.