Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Biz ko‘proq ochlikdan qo‘rqyapmiz

O‘tgan kuni, dushanba aksariyat dehqon bozorlari ishlamaydi, odamlar savdo markazlariga kam boradi. Ammo tan olish kerak, odatdagiday kun bo‘lmadi. Aksincha, koronavirus vahimasi sabab hamma o‘zini oziq-ovqatga “urdi”!

Ayni vaqtda ko‘pchilikda mavjud bo‘lgan eng sodda psixologiya: tez orada do‘konlarda mahsulot qolmaydi, g‘amlab qo‘yish kerak. Yoki ikkinchi variant: narx-navo ko‘tarilib ketadi. Hozir 5 ming so‘mga olmaganimni bir haftadan keyin 10 ming so‘mgayam topolmayman.

Qaysidir ma’noda bu ikki qarashdayam jon bor. Ammo...

Keling, siz o‘n qop un, shunga yarasha guruch, yog‘, poliz mahsulotlari xarid qildingiz. Bu bilan qancha vaqt farovon yashash mumkin? Sizni ko‘rib biroz kamxarjroq qo‘shningiz ham xarid qildi. U oydan bu oyga amal-taqal qilib yetib olayotganlarning ahvolini tasavvur qiling endi. U ham vahima ta’sirida o‘zini bozorga urdi.

Aytaylik, hafta-o‘n kunda chekkaroq hududlardagi savdo do‘konlari, kichikroq dehqon bozorlarida ayrim oziq-ovqat mahsulotlari kamayib qoladi. Sotuvchini esa bu ko‘pam qiziqtirmaydi. Nega deysizmi? Buni shu o‘tgan ikki sutkaning ichida sezib ulgurdik. Ya’ni, garchi Davlat nazorat o‘rnatamiz, zaxiramiz yetarli, degan bo‘lishiga qaramay, bir qop unning narxi o‘n ming so‘mgacha qimmatladi. Qoplab kartoshka-piyozni uyiga tashiyotgan odamlarning holati ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Savol tug‘iladi: qo‘pol qilib aytganda, bugun jamg‘argan zaxiramiz bilan qancha vaqt yashaymiz?!

Yaratgan bu savolni insoniyat oldiga qo‘ymasin, deb umid qilamiz!

Nima qilmoq kerak?

Koronavirusning tarqalish vatani bo‘lgan Xitoydan pandemiyaning chekinayotgani, bu xastalikka chalinayotganlar emas, sog‘aya boshlaganlarning soni ortayotgani haqida yaxshi xabar kelyapti. Boshqa hududlardayam shunday.

Koronavirusning ommaviy tarqala boshlagani haqidagi xabar, aniqrog‘i, dunyo jamoatchiligini hushyor torttirganiga atigi ikki oy bo‘ldi. Shukurki, garchi hozircha davosi topilmagan bo‘lsa-da, odamlar yoppasiga qirilib ketayotgani yo‘q. O‘nlab oddiy xastaliklar, gripp va avtohalokat natijasida qurbon bo‘layotganlar soni koronavirus zararidan bir necha barobar ortiq ekani haqida o‘qiyapmiz.

Bir milliarddan ortiq aholisi bo‘lgan Xitoy tajribasi bu borada qanday? Mamlakat bir oyning nari-berisida dunyo uchun yopildi. Va kasallik chekina boshladi. Aholiga tozalik, ehtiyotkorlikni oshirish tavsiya etildi va odamlar bunga amal qildi ham.

Bizda rasman bu kasallikning paydo bo‘lgani haqidagi xabar o‘tgan yakshanba, 15 mart kuni e’lon qilindi.

E’tibor qiling, o‘sha kunning o‘zidayoq ta’lim muassasalari yopilgani, Navro‘z bayrami, umuman, ommaviy tadbirlarni bekor qilish boshlangani haqida xabar berildi. Shu holatning o‘ziyoq bizda o‘z vaqtida karantin holatiga o‘tilganini ifodalaydi. Kasallik tarqalishini bir muncha cheklaydi. Vaholanki, bir qator davlatlar karantin holatiga o‘tguncha ancha vaqt yo‘qotdi.

Biz yaxshi tajribalardan to‘g‘ri foydalanishimiz lozim. Va, hozircha hukumat bu borada to‘g‘ri yo‘ldan boryapti.

Viruslar bilan bog‘liq qo‘rqinchli filmlarni ko‘p ko‘rganmiz. Bunday vaziyatda aqlli va irodali odam o‘ziga ham, o‘zgalarga ham kam zarar yetkazmaydi. Har qanday qiyinchilikni yengib o‘tadi.

Afsuski, biz birinchi kundayoq noto‘g‘ri yo‘nalishni tanladik. Uzoqni o‘ylamayapmiz, faqat o‘zimizning g‘amimizni yeyapmiz. Bugungi ochko‘zlik ertaga nafaqat o‘zimizni, boshqalarni ham qiynab qo‘ymasin. Aslida hozir bizga ochlik, qahatchilik emas, notoza yurish va e’tiborsizlik tahdid solyapti.

Isomiddin PO‘LATOV.