Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Blogerdan giyohvandlik moddalarini olib sotayotgan er-xotin ushlandi

Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida giyohvandlik vositalarini internet orqali sotib olib, chegaradan maxsus yasalgan oyoq qiyimning poshna qismiga joylab biznes qiluvchi, er-xotinning noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi.

Joriy yilning 21 yanvar kuni IIBB JQB tezkor xodimlari hamda YHXB inspektorlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir davomida Chirchiq shahri Intizor ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan oq rangli “Spark” rusumli avtoulov to‘xtatilib, avtomashina haydovchisi R.Yu.ning hujjatlari tekshirilganda, haydovchi o‘zini shubhali tutib, noo‘rin xatti-harakatlar qilganligi sababli, avtoulov saloni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Ko‘zdan kechirish davomida avtoulov saloni ichida 3 dona gugurt qutilarga qadoqlangan jami 12 gramm «marihuana» giyohvandlik vositasi, 10 dona oq rangli qog‘oz bo‘laklariga o‘ralgan jami 6,2 gramm «spice» sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida olingan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettiriladi. Haydovchi ushbu giyohvandlik vositalarini Chirchiq shahrida yashovchi o‘zining tanishlari er-xotin B.M. va A.X.lardan olganligini ma’lum qiladi.

B.M. va A.X.larning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida o‘tkazilgan tadbir natijasida ular maxsus xaridorga 1 million 500 ming so‘m pul evaziga 9,2 gramm “spice” sintetik giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinadi. Uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, xonadonida bo‘lgan F.I.dan 1,10 va uyidan 5,46 gramm “spice” sintetik moddasi borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olingan.

Ushbu olingan giyohvand va psixotrop moddalarining manbasini aniqlash bo‘yicha olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida B.M.ning xotini A.X. yuqorida keltirilgan 12 gramm “marixuana” va 20 grammdan ortiq “spice” sintetik giyohvandlik moddalarini qozog‘istonlik bo‘lgan ijtimoiy tarmoq blogeridan olib, doimiy ravishda O‘zbekiston bojxona chegara maskanlaridan, maxsus tayyorlangan oyoq kiyimining poshnasiga (konteyner) yashirgan holda olib o‘tganligi aniqlangan.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabar berishicha, mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.