Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

BMT hisoboti: Dunyo aholisining qariyb yarmi sifatli tibbiy yordamdan mahrum

7 aprel kuni Butunjahon salomatlik kuni nishonlandi. Shu munosabat bilan BMT Bosh kotibiyati e’lon qilgan bayonotida ma’lum qilishicha, jahon aholisining 50 foizga yaqini sifatli va arzon tibbiy yordam olish imkoniyatidan mahrumdir. Bu haqda human.uz yozayapti.

Har yili 100 million kishi shifokorlar xizmatiga o‘z cho‘ntagidan to‘lagani uchun qashshoqlikka tushib qoladi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish fikricha, sog‘liqni saqlash xizmatidan barcha birdek foydalana olishini ta’minlash muammoning yechimidir.

«Muammo faqat tibbiy xizmatlar sifatini oshirishda emas. Gap ko‘pgina sohalarga doir bo‘lgan siyosat va choralar haqida bormoqda. Odamlar sog‘ligini ta’minlaydigan boshqa omillar, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik sabablarga ham e’tibor berish kerak», - degan BMT rahbari.

Uning qayd etishicha, sog‘lom bo‘lish asosiy huquqlardan biridir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) yodga solishicha, bu huquqni barcha fuqarolar uchun birdek hayotga to‘liq tatbiq etish davlatning sog‘liqni saqlash sohasini moliyalashtirishini ko‘paytirishni taqozo etadi.

Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash tizimiga sarflanadigan xarajatlar, byudjetga qo‘shimcha yuklama emas, aksincha, mehnat samaradorligini oshirish, iqtisodiy o‘sish va yanada adolatli va sog‘lom jamiyat barpo qilish yo‘lidagi kurashdir.

Hisobotda ma’lum qilinishicha, bugungi kunda o‘rtacha ko‘rsatkichdan past daromadga ega mamlakatlarda bu boradagi byudjet xarajatlari kishi boshiga 60 dollarni tashkil etsa, yuqori daromadli mamlakatlarda bu raqam 270 dollar atrofidadir.