Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

BMT mutaxassisi: Hayotidan mamnun voyaga yetayotgan farzand jinoyatga qo‘l urmaydi

Bugun Samarqand shahrida Xalq ta’limi vazirligi va BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash mintaqaviy boshqarmasi bilan hamkorlik doirasida “Ta’lim adolat uchun” shiori ostida trening mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Treningda Samarqand, Jizzax, Navoiy va Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmalari vakillari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbar va pedagog xodimlari ishtirok etmoqda.

- “Ta’lim adolat uchun” tashabbusining mamlakatimizda joriy etilishi 2018 yildan boshlanib, ikki yildan beri amaliyotda o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda, - dedi BMT vakili Gulnar Kudaybergenova. – O‘qituvchilar o‘quvchilar ongiga qonun ustuvorligi madaniyatini shakllantirish, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish ko‘nikmasini rivojlantirishga xizmat qiluvchi qadriyatlarni singdirishi lozim.

Treningda o‘qituvchilarga BMT mutaxassisi Indira Muqimova bolalarni va ayollarni zo‘ravonlikdan asrash haqida o‘quv kursi o‘tdi.

- Gender tenglik degani erkak va ayol hamma vazifada teng degani emas, balki ular huquqlarda tengdir, - dedi u. – Ayolga nafaqat moddiy, balki ma’naviy va ruhiy madad berish kerak. U o‘zini baxtli his etsa, oilada tarbiya topayotgan bolalar ham baxtiyor ulg‘ayadi. Hayotidan mamnun bo‘lib voyaga yetgan farzandlar jinoyatga qo‘l urmaydi.

Seminar doirasida o‘qituvchilar uchun ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha “Hurmat” risolasi va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish bo‘yicha yettita strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “Ilhom” qo‘llanmalari taqdim etildi. O‘quvchilarni korrupsiya, giyohvandlik kabi jinoyatlardan asrash bo‘yicha interfaol usulda mashg‘ulotlar o‘tish, multfilmlar namoyish etish orqali tarbiyalash sirlari tushuntirildi.

Mazkur o‘quv kursi BMTning har yillik “Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” xalqaro kompaniyasining asosiy tadbirlaridan biri hisoblanadi.

Seminar ikki kun davom etadi.

Xurshida ERNAZAROVA.