Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bojxona postlarida ikki oyda 117 holatda 4 milliard 604,7 million so‘mlik noqonuniy keltirilgan tovarlar ushlab qolindi

Viloyat bojxona boshqarmasiga qarashli “Samarqand aeroporti” chegara bojxona postida yil boshidan buyon 13 821 nafar yo‘lovchi “yashil” yo‘lak orqali, 48 nafar yo‘lovchi “qizil” yo‘lak orqali harakatlangan.

Ikki yo‘lakli tizim joriy etishdan oldin yurtimizga Samarqand aeroporti orqali kirib kelishda bir reysda uchib kelgan yo‘lovchilarning (150-190 kishi) yuklarni qabul qilib, chegara va bojxona nazoratidan o‘tishi uchun o‘rtacha 2 soat vaqt sarflangan bo‘lsa, endilikda ushbu jarayon 30-45 daqiqada amalga oshirilmoqda.

Tojikiston Respublikasi bilan chegarada joylashgan “Jartepa” chegara bojxona posti orqali ham bugun tadbirkorlar o‘z tovarlarini qo‘shni davlatga eksport qilishlari yoki tovarlar importini amalga oshirishlari mumkin. Ayni paytda mazkur bojxona postida “Smiths Heimann HCVM-3026” rusumli mobil inspeksion ko‘rik majmuasi o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu apparat orqali tovar ortilgan avtotransport vositalari bojxona nazoratidan tez hamda samarali o‘tkazilmoqda.

Shu bilan birga hozirda bojxona postida bojxona nazorati jarayonini soddalashtirish va fuqarolar harakatini tezlashtirish maqsadida inson tanasini skaner qiluvchi qurilma o‘rnatilgan.

Hozirgi kunda “Jartepa” chegara bojxona posti orqali Tojikiston Respublikasi “So‘g‘d” viloyati Panjikent pedagogika institutida ta’lim olayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan iborat talabalar va O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash xuquqiga ega bo‘lgan hamda chet davlatlardan “charter” aviareyslar bilan Samarqand aeroporti orqali Tojikiston Respublikasiga ketayotgan ushbu davlat fuqarolari harakatlanmoqda.

Joriy yilning 1 yanvaridan 15 mart kuniga qadar ushbu post orqali 3611 nafar fuqaro, 285 ta transport vositasi harakatlangan. Xususan, yanvar-fevral oylari davomida 24 partiyada jismoniy shaxslar tomonidan 55 ming  470 AQSh dollariga teng bo‘lgan tovarlar Tojikiston Respublikasiga olib chiqilgan.

Bundan tashqari, joriy yilning o‘tgan davri davomida “Jartepa” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan 5 holatda tovar moddiy boyliklarning noqonuniy harakatlanishi oldi olinib, 123,5 million so‘mlik tovarlar bo‘yicha ma’muriy ishlar yuritildi.

2021 yil 1 yanvardan 15 martgacha TIF bojxona postlari tomonidan rasmiylashtirilgan 8963 ta bojxona yuk deklaratsiyalari “Xavfni boshqarish tizimi” qo‘llanilgan holda “qizil” (1847 ta), “sariq” (4051 ta), “yashil” (3065 ta) va “ko‘k” yo‘lak (0) ni tashkil etgan. Mazkur tizimdan foydalanilishi, xavfni minimallashtirish choralari qo‘llanilishi natijasida o‘tgan davr mobaynida davlat byudjetiga 81,6 milliard so‘mlik qo‘shimcha bojxona to‘lovlari undirildi.

Xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilmasdan avval bojxona xodimi tomonidan bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni uch ish kuni ichida amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda ma’lum bir daqiqalarda bajarilmoqda.

2021 yil yanvar-fevral oyi davomida boshqarma tomonidan 117 holatda 4 milliard 604,7 million so‘mlik noqonuniy keltirilgan tovarlar ushlab qolingan.

Jasurbek Fayzullayev,

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.