Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bojxona Turkmaniston - O‘zbekiston chegarasidan maxfiy yuk olib o‘tilayotgani haqidagi xabarga raddiya berdi

Davlat bojxona qo‘mitasi joriy yilning 23 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan “Turkmaniston – O‘zbekiston chegarasidan maxfiy yuklar olib o‘tilmoqda” sarlavhasi ostida xabarlarga raddiya berdi.

Tarqalgan xabarlarda go‘yoki, Turkmanistonga tegishli 4 ta yuk avtotransport vositasi “Farob” (Turkmaniston) va “Olot” (O‘zbekiston) chegara punktlari orqali harakatlanayotganligi, ularning yuk hujjatlarida “tekshirish taqiqlanadi”, deb yozilganligi hamda tovarlar bojxona tekshiruvlaridan o‘tkazilmayotganligi qayd etilgan.

Mazkur holat yuzasidan o‘rganish ishlari amalga oshirilganda ushbu xabarlar hech qanday asosga ega emasligi ma’lum bo‘ldi.

Xabarda, chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan barcha avtotransport vositalari amaldagi qonun hujjatlari talablari asosida, zamonaviy nazorat-texnik vositalarni qo‘llagan holda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazilayotgani alohida ta’kidlangan.