Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bojxonachilar qachon tamagirlik qilishi mumkin?

Tizim xodimlarining korrupsiyaga qarshi immuniteti kuchli bo‘lsa, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining “qo‘liga qaramaydi”.

Shu bois bojxona organlarida “Korrupsiyaga qarshi ma’rifat” shiori ostida har bir xodimda bilim, “immunitet”, shuningdek, imon-e’tiqod, halollik kabi sifat va hissiyotlarni shakllantirishga qaratilgan maqsadli tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasida o‘tkazilgan ana shunday tadbirda bojxona xodimlari va ularning yaqin qarindoshlari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, 2019 yilda boshqarma tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 54 marta ma’ruzalar tashkil qilingan. Tamagirlik, poraxo‘rlik va salbiy holatlarning oldini olish borasida xodimlar ishtirokida 44 marta induvidual profilaktik suhbatlar olib borilgan.

Amaliyotda uchrayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf qilish borasida chegara bojxona postlari orqali harakatlangan 225 nafar yo‘lovchilar bilan anonim so‘rovnomalar o‘tkazilgan.

Boshqarma xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan 17 ta ariza va shikoyatlar kelib tushgan. Shuningdek, 41 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.

O‘zaro suhbat davomida o‘z nafsining qurbonlariga aylangan nopok kimsalarning qilmishlari aks ettirilgan videolavha namoyish etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi, “Ruhobod” jome masjidi imom-xatibi To‘lqin Amirov va O‘zbekiston bojxona faxriylari uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i Farhod Muqumovlar ishtirok etib, mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.