Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bola tarbiyasi uchun nafaqa to‘lash tartibi qanchalik adolatli? 2-3 nafar va undan ortiq egizaklar tug‘ilganda birday yordam ko‘rsatiladigan tartib bormi?

Barcha onalarimiz homiladorlikdan boshlab, farzand tug‘ilguncha bo‘lgan azobni yaxshi biladi. Farzand tug‘ilgandan keyin ham uning parvarishi asosan onalar zimmasida bo‘ladi. Albatta, bu ish hech bir onaga malol kelmagan, malol kelmaydi ham.

Shunday bo‘lsa-da, qonunlarimizda homilador ayollarga ta’til berish, farzand tug‘ilganidan keyin bola parvarishi uchun nafaqa to‘lash belgilangan. Ammo bu tartiblar nazarimda to‘la adolatli bo‘lmayapti.

Birinchidan, bu egizaklar tug‘ilganda onalarga bola parvarishi uchun to‘lanadigan nafaqa bilan bog‘liq tartib. Amaldagi tartibga ko‘ra, bolalar necha nafar bo‘lishidan qat’iy nazar uning parvarishi uchun to‘lanadigan nafaqa bir xil miqdorda ajratiladi. Ya’ni, bolalar bechora ona ikki, uch nafar bola parvarish qilinganda ham eng kam ish haqining ikki baravari miqdorini olaveradi, nafaqa bilan ta’minlanadi.

Tabiiy savol tug‘iladi: qani bu yerda mantiq? Axir ikki nafar bolaga bitta boladan ko‘ra ko‘proq jismoniy kuch va boshqa vositalar sarflanmaydimi?

Shuning uchun bola parvarishi uchun to‘lanadigan nafaqa ularning soniga qarab, misol uchun, ikki nafar egizak tug‘ilsa, EKIHning to‘rt baravari, uch nafar egizak tug‘ilsa, EKIHning olti baravari miqdorida ajratilsa, adolatli ish qilingan bo‘ladi.

Tegishli tashkilotlar shu nizomni ham, daxldor qonunlarni ham qayta ko‘rib chiqishi lozim va bola parvarishi uchun to‘lanadigan nafaqani egizaklar necha nafar tug‘ilishidan qat’iy nazar bolalarning har biriga hisoblab to‘lanishi lozim.

Bugungi kunda uch nafar egizak farzand ko‘rganlarga qayerlardadir hokimlar tomonidan “Prezident sovg‘asi” sifatida avtomobil berilyapti. Yana qayerlardadir tug‘ilgan egizaklar oziqaga pul topa olmayapti. Shunday ekan, endi bizga uch nafar va undan ortiq egizaklar tug‘ilganda hammasiga birday yordam ko‘rsatiladigan tartib kerak.

Hozir bolalar nafaqasini olish uchun ota-onalarga ma’lum bir shartlar qo‘yiladi. Qandaydir hujjatlar talab qilinadi. Masalan, agar oilaning o‘rtacha daromadi bola tarbiyasi uchun nafaqa berilishi uchun yetarli bo‘lmasa, hatto uch nafar egizak tuqqan onaga ham bolalar parvarishi uchun nafaqa berilmaydi.

Ammo o‘rtahol oilalarda ham egizak farzand tug‘ilsa, o‘sha oila bolalar parvarishi uchun oziqa, tagliklar va kiyim-kechak uchun mablag‘ topolmay qolish holatlari kuzatilyapti. Shuning uchun uch nafar va undan oshiq tug‘ilgan egizaklar uchun o‘sha talablar bekor qilinishi lozim.

Yelena KOMPOLShIK,

Samarqand shahridagi 43-ixtisoslashtirilgan davlat umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori.