Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bolalar haqidan qo‘rqmaysizmi?

Bugun maktabgacha ta’lim tizimidagi qonunbuzilish holatlarini ko‘rib, eshitib, nogoh ushbu savollar ko‘nglingizdan o‘tadi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, bog‘chalarda bolalarning haqiga xiyonat qilish, yo‘llanmasiz tarbiyalanuvchilarni qabul qilish, byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish kabi holatlar ko‘p uchramoqda.

 2021 yilning 3 oyida viloyat maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan 51 nafar mansabdor va mas’ul xodimlar sodir etgan jinoyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ularning 29 nafari byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish, 5 nafari firibgarlik, 3 nafari pora olish, 1 nafari mansabga sovuqqonlik bilan qarash holatini keltirib chiqargan. 2020 yilda viloyat bo‘yicha 154 nafar davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbarlariga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, bandlik, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash hamda maktabgacha ta’lim boshqarmalari hamkorlikda o‘tkazilgan tahliliy o‘rganishlar davomida Jomboy tumanida investitsiya dasturi asosida rekonstruksiya qilinib, ishga tushish arafasida turgan bog‘chaga kadrlarni saralash va tanlashda bog‘cha mudirasi korrupsion holatga yo‘l qo‘ygan. Bog‘cha rahbari bolalarga sifatli ta’lim-tarbiya beradigan, ma’lumotli pedagog kadrlarni emas, aksincha aytgan pulini bera oladigan xodimlarni tanlagan.

Samarqand shahridagi bog‘chalardan biridagi holat bundan-da ayanchli. Bog‘cha mudirasi xodimni ishga qabul qilib, lekin hali vakant joy yo‘qligini aytib, xodimning oylik maoshini unga bermay o‘zlashtirgan. Amalda ishlamagan xodimlarga ham ish haqi hisoblab, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan. E’tiborlisi, mazkur bog‘chaning oldingi mudirasi ham noqonuniy faoliyati tufayli jinoiy javobgarlikka tortilgan edi. Keyin tanlangan mudira bundan xulosa qilish o‘rniga, shunday holatga yo‘l qo‘ygan.

Yo‘llanmasiz bolalarni qabul qilinayotgan holatlar ham aksariyat bog‘chalarda uchraydi. Ularning badal puli mudiraning hamyoniga tushadi. Ro‘yxatda bo‘lmagan bola o‘z-o‘zidan boshqa tarbiyalanuvchilarining osh-noniga sherik.

Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida seminarlar tashkil etyapti. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari ota-onalar oldida qasamyod qilyapti. Sektor rahbarlari tomonidan bog‘chalardagi kamchiliklar o‘rganilmoqda. Maktabgacha ta’lim bo‘limlari tomonidan “Biz bolalar haqiga xiyonat qilmaymiz!” deb murojaatnomalar qabul qilindi.

Kuzatganimiz birgina Kattaqo‘rg‘on tumanidagi bog‘cha rahbarlari “Bolaning haqiga xiyonat qilmayman” deya o‘z xohishi bilan lavozimidan ozod etildi. Yana bir bog‘chaning xo‘jalik ishlari mudiri ham shu yo‘lni tutdi. Maqsadimiz boshqa tumanlarda ham mudiralarni hushyorlikka, kasbiga mas’uliyat bilan  yondashishga chorlash. Aslida hayotdagi eng yomon xiyonat bolaning haqiga xiyonatdir. Uning uvoli yomonligini vaqtida anglamoq esa yaxshi holat.

“Davlat bog‘chasi shaxsiy mulkim”, degan g‘ayriodatiy qarashlarga, ota-onalardan noqonuniy pul yig‘imlari, qarindosh-urug‘chilik va tanish-bilishchilik (bitta bog‘chada singlisi, opasi, xolasi, hattoki turmush o‘rtog‘i va h.k.lar ishlashi) holatlariga barham berish vaqti keldi.

Samarqand viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi axborot xizmati.