Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bo‘lgan voqea: "Svetni kim o‘chirdi?.."

Yosh yigit uyining pastki qavatida duradgorlik qilardi. U eshik va deraza yasash bobida mutaxassis edi.

Ammo plastik derazalar ommalashgani uchun uning xizmatiga talab kamayib ketgan, shu bois ishlar havas qilgulik darajada emasdi. Buning ustiga bolalari katta bo‘lib qolgan, biri maktabga qatnay boshlagandi. Xarajatlar ortgani sababli, u shogirdiga ruxsat berishga majbur bo‘ldi. Endi ishni odatdagidan vaqtliroq boshlar, shogirdiga beradigan pulni bolalarining kam-ko‘stiga xarjlay boshlagandi.

Duradgor bir kuni ishlayotganida "svet" o‘chib qoldi. Uzoq kutdi, ammo chiroq hadeganda yonmadi. Aksiga olib, o‘sha kuni tugatishi lozim bo‘lgan bir nechta deraza bor edi. Bo‘sh o‘tirishni yoqtirmasdi u. O‘rnidan turib, xonani tartibga keltirdi, supurib-sidirdi, dastgohining motorini moyladi. Biroz dam olish maqsadida uyiga chiqarkan, xayolidan elektr o‘chirgichni nazorat qilish fikri o‘tdi: "Kimdir o‘chirib qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin-ku".

Murvatlarni tepaga ko‘tarishi bilan chiroqlar lip etib yondi. Taxminlar to‘g‘ri chiqqandi, ammo duradgor buni hazm qilolmadi. Hazil desa, bunday hazil bo‘lmaydi. Unga raqobatchilik qiladigan dushmanlari ham yo‘q edi yaqin atrofda.

Duradgor ustaxonga tushib, ishlay boshlagan ham ediki, yana "svet" o‘chdi. Lekin bu gal u aybdorni ko‘rib qoldi. O‘g‘li narvondan sekingina tushib, qarshisida turgan otasiga duch kelgandi. Duradgor o‘n yoshli farzandining axmoqgarchiligini kechirolmadi. Uning kasriga butun kuni bekorga ketdi, axir! Bir marta qilsa indamasdi. Ammo bu ishga takror qo‘l urishi qaysi tarafdan qaralsa-da, katta xato edi. U o‘g‘lining sochidan tortib, bir shapaloq tushirdi. Bu yaxshilikka edi. Balki shu tarsaki uning nodon bo‘lib o‘smasligining oldini olar.

Duradgor o‘g‘lining ko‘z yoshlarini ko‘rmaganga olib, oshxonaga o‘tib, xotiniga baqira ketdi:

– Bu bolang maktabda kimlarga qo‘shilganini bilishimiz kerak! Agar uni o‘z holiga qo‘ysak, boshimizga ne balolarni soladi.

Shundan so‘ng duradgor biroz o‘yga toldi va xayoliga bir fikr keldi. O‘g‘lining har kuni qoldirmasdan yozib yuradigan kundaligini tekshirib ko‘rish kerak, balki do‘stlari haqida biror belgi bordir? Xotini qarshi bo‘lsa-da, unga quloq solmadi va o‘g‘lining kundaligini o‘qiy boshladi.

O‘g‘li kundalikning oxirgi sahifasida shunday deb yozgan ekan:

“Bugun yomon tush ko‘rdim! Ustaxonada ishlayotgan otamni tok urdi. Xudoyim, uni o‘z panohingda asra!.. Men qo‘limdan kelgan ishni qilaman!...”