Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bo‘lgan voqea: Otasini “Qariyalar uyi”ga joylashtirgan farzand buni uyida nishonladi

Inson keksayganimda, ko‘zimdan nur ketganida suyanchiq bo‘ladi, el-yurt oldida yuzimni yorug‘ qiladi, betob bo‘lganimda bir piyola suv tutib, kuchsiz tanamga mador bo‘ladi, deb farzand ulg‘aytirsa-yu, yoshi o‘tib, xastalanganida bolalaridan emas, begonalardan muruvvat ko‘rsa, undan yomoni bo‘lmas ekan.

Yaqinda shunday holatga duch keldim.

Ishdan kechroq chiqqandim, Urgutga qatnaydigan taksilar ketib bo‘libdi. Katta yo‘lgacha amallab chiqdim va  duch kelgan mashinaga qo‘l ko‘tardim.

Qashqadaryoning mashinasi to‘xtadi. Haydovchining yon o‘rindig‘ida chamasi 80 yoshlardagi otaxon bor ekan. Salom-alikdan so‘ng yo‘lga chiqdik. Ozroq yurgach, otaxon haydovchidan iltimos qildi:

- Bolam, biror joyga to‘xtasang, non olsak.

- Ota, hali Shahrisabzgacha ancha bor, soat o‘n bir bo‘lyapti, do‘konlar ochiqmi-yo‘qmi, o‘zimizdan olsangiz bo‘lmaydimi?

- Ertalabdan buyon tuz totmadim.

Dastlab suhbatga e’tibor bermagan bo‘lsam, otaxonning bu gapidan keyin holatga qiziqdim.

Haydovchi bir do‘kon yoniga to‘xtadi va "Men ham ul-bul olaman, sizga faqat non olaymi, boshqa narsa kerak emasmi?", deya so‘radi.

- Nonning o‘zi bo‘ladi, - deya pul uzatdi otaxon.

Haydovchi kelgunicha otaxon bilan suhbatlashdik.

- Ota, qayerdan kelyapsiz kech bo‘lganda? - deya so‘radim.

Bobo ham dardini kimga aytishni bilmay turgan ekanmi, borini to‘kib soldi.

- Anchadan buyon davolanmagandim, oyog‘im og‘rib qoldi. Samarqandda tanish do‘xtirim bor, shunga borgandim.

-  Nega bir o‘zingiz keldingiz, bolalaringiz bilan birga kelsangiz bo‘lmasmidi?

- Ikki o‘g‘lim bor. Kattasi Toshkentda ishlaydi, kichigi uyda, birga turamiz. Kenjam biroz erkaroq o‘sgan. Onasi o‘tganda yosh bola edi. Ko‘ngliga qarab, aytganini olib berdim, hech nimaga zoriqtirmadim. Lekin biror ishning boshini tutmadi. Balki oilali bo‘lsa, hamma narsaning qadriga yetar, deb uylantirdim. Ammo foydasi bo‘lmadi. Uyda tinchlik yo‘q, har kuni janjal.

- Nega, otaxon?

- E, o‘g‘lim, Alloh hech bir insonni qo‘l-oyoqdan qoldirmasin ekan. Bemor bo‘lib, ancha payt to‘shakda qoldim. Bu esa kelinim bilan o‘g‘limga malol kelgan shekilli, menga bildirmay “Muruvvat uyi”dan joy tayyorlab qo‘yishibdi.

- Indamay chiqib ketaverdingizmi uydan?

- Bolamning oilasi buzilmasin, deb bunga rozi bo‘ldim. O‘zi ust-boshim kir bo‘lishini aytmasa, ularga og‘irligim tushmaydi. Pensiyam o‘zimga yetadi. Bugun ham pensiyamni olib, do‘xtirga keldim.

- Katta o‘g‘lingiznikiga borsangiz bo‘ladi-ku.

- U ham jo‘jabirday jon, Toshkentda ijarada yashaydi...

- “Muruvvat uyi”da qancha paytdan buyon turibsiz?

- To‘g‘risi, u yerda sharoitlar yaxshi ekan. Meni iliq kutib olishdi. Ammo u yerda ko‘p turolmadim. Uyimni, bolalarimni, nevaralarimni sog‘indim. Buning ustiga, mahallada farzandlaridan kechib ketdi, degan gap tarqalishidan uyaldim.  Shuning uchun kech bo‘lganda uyga jo‘nadim. Darvozaga yaqinlashganimda uyimizdan qo‘shnim chiqib kelayotgan ekan, u menga ro‘para bo‘lgach, "Bir gapim bor", deganday chetga tortdi.

"O‘g‘lingiz va keliningiz bilan kelishmay qoldingizmi? Siz haqingizda xunuk gaplar aytdi. U yoqqa ketganingizdan xursand ular...".

Qo‘shnimning boshqa gapi qulog‘imga kirmadi, darvozadan hatlab uyga kirdim. Afsuski, qo‘shnim haq ekan: o‘g‘lim va kelinim musiqani baland qo‘yib, o‘yin-kulgi qilib o‘tirgan ekan... Ostonadan qaytdim.

Og‘ir jimlik cho‘kdi. So‘ng iymanib otaxondan so‘radim:

- Hozir qayerda yashayapsiz, ota?

- Yaqin bir do‘stimnikida turibman. Mahalladagilarning oilamda bo‘lgan ishlardan xabari bor. Shu qishloqning eng yoshi katta nuroniylaridan birisiz, bizga duolaringiz, maslahatlaringiz kerak, deb qishlog‘imiz markazidan menga uy qurib berishyapti. Hademay uy bitadi, yaqinda ko‘chib o‘taman...

Manzilga yetib keldim. Mashinadan tushar ekanman, xayolim hamon otaxonda edi. Haydovchi otaxonni manziligacha olib boradimi, o‘z uyiga kirolmagan odam yarim tunda birovni qanday bezovta qiladi? Kech bo‘lganda qayerda tunaydi? Keyingi hayoti qanday kechadi? Noqobil farzandlarining-chi?..

Fazliddin Ro‘ziboyev.