Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bo‘lgan voqea: Sabrni boshiga toj qilgan ayol

Bir kuni ikki yarim yashar bir go‘dakni operatsiya qilishimga to‘g‘ri keldi. Operatsiya seshanba kuni qilingan bo‘lsa, chorshanba kuni bola ancha o‘ziga kelib qolgandi. Lekin payshanba kuni soat o‘n birdan o‘n besh daqiqa o‘tganda (men endi bu vaqtni hech qachon unutmasam kerak) hamshira halloslab kelib, bolaning yuragi ham, nafas olishi ham to‘xtab qolganini aytdi...

Bolaning oldiga qanday yetib borganimni bilmayman. Bilganim shuki, men naq qirq besh daqiqa tinmay uning yuragini massaj qilib, o‘ziga keltirishga urindim. Lekin yurak bir marta ham urib qo‘ymadi. Biroq Allohga oson ekan - birdan bolaning yuragi urib ketdi…

Men o‘sha bolaning ota-onasiga uning ahvolini aytib qo‘ymoqchi bo‘ldim. O‘zingizdan qolar gap yo‘q, kasal odamning ahvoli og‘irlashganini uning yaqinlariga aytishdan ham qiyin narsa bo‘lmasa kerak bu olamda. Bu – shifokor odam duch keladigan eng qiyin vaziyatlardan biri. Lekin iloj qancha, burchimiz ekan.

Bolaning otasini har holda onasidan ko‘ra bosiqroq bo‘ladi, degan fikrda rosa izladim, lekin topa olmadim. Onasi shu yerda ekan, onasiga aytishga to‘g‘ri keldi. Bir amallab: «Bolaning og‘zidan qon kelgan, shundan keyin yuragi to‘xtab qoldi. Nega qon kelganini bila olmadik. Eng yomoni, endi uning miyasi ishlamay qolishi mumkin», dedim.

Nima deb o‘ylaysiz, onasi menga nima dedi? Yig‘lashga tushdi, deysizmi? Yoki meni qarg‘adi, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q-yo‘q! U: «Alhamdulillah», dedi-yu, chiqib ketdi.

Oradan o‘n kun o‘tgach, bola sekin-asta harakatlana boshladi. Biz miyaning faoliyati to‘xtab qolmaganiga hayratlanib, Allohga hamdu sano aytdik. Lekin yigirma kundan keyin yana og‘izdan qon kelib, yurak yana to‘xtab qoldi. Yana massaj qilishga tushdik. Salkam bir soat massaj qilsak ham, yurak qimir etmadi. Bu safar ham ming istihola bilan, bolaning onasiga umid yo‘qligini aytdim. U esa: «Alhamdulillah. Allohim, uning tuzalishi xayrli bo‘lsa, unga shifo ber!», deb duo qildi.

Allohning qudratini qarangki, bolaning yuragi yana ishlab ketdi. Bundan keyin ham uning yuragi yana besh-olti bor to‘xtab, yana ishladi.

Nihoyat, nafas yo‘llari bo‘yicha mutaxassis qonni bir amallab to‘xtatgach, yurak bir maromda ura boshladi.

Oradan uch yarim oy o‘tdi. Bola asta-sekin o‘ziga kela boshladi, lekin hamon qimir etmasdi.

Bir necha kundan keyin bola yana harakatlana boshladi. Lekin birdan boshida katta yiringli yara paydo bo‘ldi. Bunaqa g‘alati yarani birinchi marta ko‘rishim edi. Noiloj, bechora onaga buni ham aytishga to‘g‘ri keldi. Matonatli ona yana Allohga hamd aytdi-yu, kabinetimdan chiqib ketdi. Bolani tezda jarrohlik bo‘limiga – miya va asab tolalari operatsiyalari xonasiga oldik. Bolani zudlik bilan operatsiya qilish kerak edi.

Uch hafta o‘tdi. Bola yiringli yaradan xalos bo‘ldi, lekin hamon birorta a’zosi qimir etmay yotardi. Yana ikki haftadan o‘tdi hamki, negadir bolaning qonidagi zaharlanish ketmas edi. Bola isitma otashida yonar, harorati 41 darajagacha chiqib ketar edi. Yana boyagi holat takrorlandi: men bolaning qay ahvoldaligini onasiga aytdim, u esa «Alhamdulillah», deyishni qo‘ymas, «Allohim, uning tuzalishi xayrli bo‘lsa, shifosini bergin», deb tinmay duo qilardi.

Bu bola reanimatsiyaning 5-palatasida yotardi. Bir kuni qo‘shni 6-palatada bolasini olib yotgan ayol: «Doktor! Doktor! Biron narsa qiling! Bolamning isitmasi 37,6 bo‘lib ketdi! Bolam hozir o‘lib qoladi!», deb uvvos solib yig‘lab qoldi. Men unga: «Siz manavi 5-palatadagi ayolni kirib ko‘ring. Yarim yildan beri bolasining isitmasi qirqdan tushmaydi, lekin sabr qilib, Xudoga shukr qilib o‘tiribdi», dedim. U bo‘lsa «E, u xotinning hushi joyidamasga o‘xshaydi. Unda yurak degan narsa yo‘q ekan», dedi.

Men uning gapiga e’tibor bermadim. Chunki yigirma uch yil shifoxonada ishlab, bu qadar sabrli, matonatli insonlarni uchratmagan edim.

Muolajada davom etdik. Nihoyat, olti yarim oy deganda bolani reanimatsiyadan oddiy palataga olishga ruxsat bo‘ldi. Ammo u hamon na gapirar, na ko‘rar, na eshitar va na kular edi. Uning faqat nafas olayotgani bilinib turar, kecha-yu kunduz qimirlamay yotardi.

Uning ko‘krak qafasi ochiq turar, yaqinroq borilsa, yuragining majolsizgina urib turganini ko‘rish mumkin edi. Onaizor sabot bilan uni parvarishlar, tagini tozalar, boladan sado chiqmasa ham, aslo noumid bo‘lmasdi.

Shundan keyin nima bo‘lganini bilasizmi? Buni aytishimdan oldin bir o‘ylab ko‘ring: shunchalik og‘ir dard chekkan, bir necha martalab og‘ir operatsiyalar qilingan bolaning ahvoli qanday bo‘lishi mumkin?

Xudoning karomatini qarangki, bola reanimatsiyadan chiqqaniga ikki yarim oy bo‘lganida oyoqqa turib ketdi!

Ha, u tuzalib, o‘rnidan turdi, o‘z oyog‘i bilan yura boshladi. Hech qanday kasallikni ko‘rmaganday tuzalib ketdi, onasining ortidan chopqillab yuguradigan bo‘lib qoldi. Hatto biroz to‘lishib, avval qanday bo‘lsa, shunday holatga keldi…

Shu bilan hikoya tugadi, deb o‘ylayotgandirsiz? Yo‘q, aslida menga nihoyatda qattiq ta’sir qilgan, ko‘zimdan shashqator yoshlar oqizgan voqea keyin sodir bo‘ldi.

Ona-bolaga javob tegib, klinikadan chiqib ketishganiga ikki yildan oshganida jarrohlik bo‘limida ishlaydigan yigit kabinetimga kirib, bir kishi xotini va ikkita bolasi bilan kelganini, meni so‘rashayotganini aytib qoldi. «Kim ekan?», desam, «Tanimayman», dedi.

Chiqib qarasam, o‘sha men bir paytlar operatsiya qilgan bola bilan uning ota-onasi ekan. Bola besh yoshga to‘libdi. U mutlaqo soppa-sog‘ edi, ko‘rgan odam uni bir paytlar dahshatli kasallikka chalingan, deb o‘ylamasdi. Baxtiyor ona esa to‘rt oylik chaqalog‘ini bag‘riga bosib turardi. Men salom berib, bolaning otasiga hazillashib: «Bu chaqaloq o‘n uchinchisimi, o‘n to‘rtinchisimi?», dedim. U bo‘lsa hayron bo‘lib: «Yo‘g‘-e, bu ikkinchi farzandimiz», dedi. So‘ng davom etdi: «Siz operatsiya qilgan mana bu o‘g‘ilcham o‘n yetti yil tirnoqqa zor bo‘lib, Allohdan tilab olgan to‘ng‘ich farzandimiz edi. Shuning uchun u kasal bo‘lganda onasi adoyi tamom bo‘lib qolgandi».

Men bu so‘zlarni eshitib, o‘zimni yig‘idan tuta olmay qoldim. Ko‘z yoshlarimni yashirish uchun bu baxtiyor insonning qo‘lidan tortib, kabinetimga olib kirdim-u, uni savolga ko‘mib tashladim: «Menga qarang, birodar! Bu ayol insonmi yo farishtami? O‘n yetti yil kutib, zo‘rg‘a yetishgan birinchi bolasining kasalini qanday qilib bunchalik xotirjam qarshi oldi? Bo‘lishi mumkin emas! Ayolingiz buncha iymon, buncha tavakkulni qayerdan olgan?»

U nima dedi, deysizmi?

U shunday dedi: «Oila qurganimizdan beri ayolimning biror insonni g‘iybat qilganini yoki kimgadir yomon gapirganini ko‘rmaganman. U hech qachon yolg‘on gapirmaydi. Uydan chiqib ketsam ham, uyga kirib kelsam ham, meni tabassum bilan, duo qilib kutib oladi yoki kuzatib qo‘yadi. U mehridaryo, mehribon, bolajon ayol. Bilasizmi, doktor, u shu qadar iffatli, shu qadar hayoli, odobli ayolki, hatto men ham uning ko‘ziga tik qarashga botina olmayman».

Men unga: «Ayolingiz bundan ham ortiq izzat-ikromga munosib ekan, birodar», deya oldim, xolos.

Xolid Jubayr,

kardioxirurg.