Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bormisan, o‘zbek!

“Haj ziyoratiga borib, adashdim, hamrohlarimdan ayrilib qoldim. Na yo‘l bilaman, na til bilaman, na pulim bor. Tumonat odam ichidan o‘z guruhimni topa olmayman. Qo‘rquv va dahshat ichida xayolimga kelgan birinchi fikr shu bo‘ldi: “O‘zbekning oyog‘i yetmagan yer yo‘q. Birorta o‘zbekni uchratganim, halokatdan qutulganim bo‘ladi! Bir tepalikka chiqib: ”Bormisan, o‘zbek, bo‘yingni ko‘rsat!” - deb uch bora baqirdim.

Makkada yashab qolgan— biri samarqandlik, biri buxorolik ikki o‘zbek kishi kelib, menga najot qo‘lini cho‘zdi. Mening xalqimga hamisha o‘zbeklar yordam berib kelishgan.”

Taniqli qoraqalpoq adibi Tulepbergen Qaipbergenov hikoyasidan.

 

Qalpog‘ing adashdi, to‘ning adashdi,

Kunlaring adashdi, tuning adashdi,

Makkaning taloto‘p ko‘chalarida

Qondosh qoraqalpoq ining adashdi,

Bo‘yingni bir ko‘rsat, bormisan, o‘zbek!

 

Temurning oyog‘i, qirq yurtga yetdi,

Ulugbekning qo‘li yulduzni tutdi,

Navoiyning so‘zi, Boburning so‘zi,

Mangu o‘lim bilmas yo‘llarga ketdi,

Mardlar gulshanida sormisan, o‘zbek!

 

Javob top, qaydadir Mashrabning boshi,

Nechun Qodiriyning ko‘zida yoshi,

Usmoning, Cho‘lponing, Fitrating qani,

Bu elning shunchalar ko‘pmi, bardoshi,

Najotmisan yoki dormisan, o‘zbek!

 

O‘v dili oq, xalqim, yo‘li oq, xalqim,

Yolg‘on maqtovlardan dimoq chog‘ xalqim,

Oqarib ketdiku dengizlaring ham,

Ortingga qayrilib bir bor boq, xalqim,

Boshinggacha oppoq qormisan, o‘zbek!

 

Rangi sarg‘ayganga joningni tutding,

Jangda talanganga qoningni tutding,

Tagingga bildirmay suv quyganlarga

Quchog‘ingni ochding, joningni tutding,

Oh, o‘zi bekmisan, xormisan, o‘zbek!

 

Ot surding, sahroyu cho‘ling chekindi,

Daryoi aziming, ko‘ling chekindi.

Basdur, karvoningni o‘zing yetakla,

Cho‘k desa, yo‘q, demay tiling chekindi,

Karvon yo‘llarida normisan, o‘zbek!

 

Qoningda olov bor, isyon bor sening,

Ruhingda diyonat, iymon bor sening,

Tirik shoh, tik turib jon bergan yurtsan,

Kim aytar ichingda quyon bor sening,

Mardmisan, labzingga yormisan, o‘zbek!

 

Ota yurt, ona xalq, erking o‘zingda,

Belbog‘ing belingda, bo‘rking o‘zingda,

Ayoling bo‘shamas beshik boshidan,

Erlaring g‘ururli, ko‘rking o‘zingda,

Yo‘lingni topib ol, orlisan, o‘zbek,

O‘zingni bir ko‘rsat, bormisan, o‘zbek!

(1990 yil)

Ushbu she’rning yozilganiga 32 yil bo‘pti. Tulepbergen Qaipbergenovning hikoyasini tinglab, yozgan edim. U kishi Toshkentga, yig‘ilishlarga borganlarida (men O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limining rahbari edim) meni uchratib qolsalar, shu she’rni so‘rardilar, rahmatli. Ko‘nglimdagi gaplarni yozibsan, derdilar. Qani, o‘sha ulug‘larimizning izdoshlari? Ibroyim og‘aning, Jo‘lmirza og‘aning shogirdlari qani? Bizning qoraqalpoq do‘stlarimiz nega jim?

Yaqinda yuzga yaqin samarqandlik ijodkorlar, san’atkorlar ikki avtobus bo‘lib, Nukusga bordik. O‘n sakkiz soat yo‘l yurdik. Azbaroyi do‘stlar diydoriga intilib, na issiqdan, na charchoqdan, na keksalikdan shikoyat qildik. Nukus tumanining olis qishloqlariga borib, xalq bilan uchrashdik, raqslarga tushdik, qo‘shilishib kuyladik, yosh ijodkorlarning bitiklarini tinglab, umidlar berdik.

U yerda Samarqand quruvchilari bunyod etayotgan stadion, mehmonxona, bozor, savdo majmualarini ko‘rib, hayratlandik. Mo‘ynoqqa yetib borolmadik. Yetib borsak, shubhasiz, birligimiz haqida, do‘stlikning qudrati haqida kuchimiz yetgancha yozardik. Samarqanlik vakillar yana ikki-uch bora yaxshi niyatda borib kelishdi. Yaqinlarimizga, qarindoshlarimizga nima ezgulikni ravo ko‘rishsa, shuni qilishdi. Biz bir jonu bir tanmiz deb o‘yladik. Hay, qoraqalpoq birodarlar, birgalikda kuchmiz, axir. Qo‘lni qo‘lga beringlar!

Xosiyat Bobomurodova,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi