Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bosh prokuratura Farg‘onadagi "samosud" bo‘yicha izoh berdi

Oktyabr oyi boshida Farg‘ona viloyatida navbatdagi “samosud” yuz berdi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 1 oktyabr kuni soat 06:30 larda Ahmadjon N. (1991 y.t.) tanishi Avaz X. (1968 y.t.) bilan uchrashib, o‘zganing mol-mulkni yashirin ravishda talon-taroj qilish maqsadida oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, fuqaro Alijon T.ga tegishli bo‘lgan xonadonga yuzlariga niqob, maxsus temir seyflarni ochishga mo‘ljallangan qo‘lbola usulda tayyorlangan temir moslama bilan qurollanib, yashirin ravishda kirib, uyda bo‘lgan temir seyfni eshigini qayirib ochib, seyf ichida bo‘lgan 12.500.000 so‘m pullarni yashirin ravishda talon taroj qilib, xona ichida bo‘lgan yostiq jildga pullarni solib, xonadon hovlisini o‘ragan devor orqali chiqib ketayotgan vaqtida xonadonda bo‘lgan Alijon T.ni turmush o‘rtog‘i Odina T. ularni ko‘rib qolgan va baland ovozda baqirib, o‘zining qo‘shnilaridan yordam so‘ragan. Ahmadjon N. va uning jinoiy sherigi xonadon devoridan oshib, ko‘chaga tushib qochib ketishgan.

Odina T.ni yordam so‘rab baqirgan ovozini uning qo‘shnilari eshitib, xonadonga kirishgan hamda Ahmadjon N. va Avaz X. ni o‘g‘irlik sodir etib, xonadondan qochib ketishganligi xaqida xabardor bo‘lib, ularni ushlash uchun hozirda tergov davomida shaxslarini to‘liq aniqlash imkoni bo‘lmagan boshqa qo‘ni-qo‘shnilari  bilan birga ularni ortidan quvlab, Oltiqush qishlog‘ida joylashgan “Sultonboy” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi yer maydoni hududida ushlab olishgan va xonadon egasi Dang‘ara tumani “Mastona” bozorida ehtiyot qismlar savdosi bilan shug‘ullanib turgan Alijon T.ga bu haqida xabar berishgan.

Alijon T. yashash xonadonida o‘g‘irlik sodir etilganligi va jinoyatni sodir etgan shaxslar qo‘lga tushganligini bilib, zudlik bilan “Sultonboy” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi yer maydoniga qarindoshi bilan birgalikda yetib kelib, qarindoshi jinoyatni sodir etgan Avaz X.ni yuziga urib, o‘zlari bilan olib kelgan arqon yordamida uni bo‘ynidan bog‘lab, o‘sha joydagi terak daraxtiga bog‘lab qo‘ygan.

Ahmadjon N.ni esa o‘sha yerga to‘plangan hozirda tergov harakatlari davomida shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan mahalla fuqarolari urib, ushbu holatni o‘zlarida bo‘lgan telefonga video tasvirga olishgan. Mazkur videotasvirlar Telegram ijtimoiy tarmog‘ida tarqatib yuborilgan.

O‘tkazilgan tergov harakatlari davomida Ahmadjon N. va uning jinoiy sherigi Avaz X. tomonidan yashirin ravishda o‘g‘irlangan 12.500.000 so‘m pullar, mazkur pul solingan 1 dona yostiq jildi, 1 dona nikob, 1 dona temir seyni ochishda foydalanilgan qo‘lbola temir moslama ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Mazkur holat yuzasidan 1 oktyabr kuni Dang‘ara tumani IIB TB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchi Ahmadjon N. va Avaz X. olgan tan jarohatlari yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza ko‘rigidan o‘tkazilgan.

Ular o‘z ko‘rsatmalarida Alijon T.ni xonadonida sodir etgan o‘g‘irlik holatiga to‘liq iqror bo‘lishgan va sodir etgan qilmishidan pushaymonligini, ularga tan jaroxati yetkazgan shaxslarga nisbatan hech qanday da’volari yo‘qligini, bu holat o‘zlarining ayblari bilan sodir bo‘lganligini bildirishgan.

Gumonlanuvchi Avaz X. muqaddam 2 marotaba sudlanganligini hisobga olgan holda 04.10.2019 yilda protsessual tartibida ushlangan va 05.10.2019 yilda unga JKning 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, “Qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda. gumonlanuvchi Ahmadjon N. va Avaz X.ga tan jaroxati yetkazgan shaxslarni aniqlash va ularning harakatlariga qonuniy baho berish choralari ko‘rilmoqda.