Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bosh vazir qabulxonasi mudiri Narpayda nima qildi?

Tumandagi 13-sonli musiqa va san’at maktabida Samarqand viloyatidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi mudiri tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi.

Sayyor qabulda viloyatdagi tegishli tashkilotlar mas’ul xodimlari, tuman hokimligining tegishli vakillari ishtirok etdi. Unda tadbirkorlar va sohada faoliyat boshlash istagida bo‘lgan fuqarolarni qiynayotgan muammo va faoliyatida uchrayotgan turli to‘siqlar bo‘yicha murojaat qilishdi.

- Bugungi sayyor qabulda ikki yildan buyon hal bo‘lmay kelayotgan muammomiz bir haftada hal etiladigan bo‘ldi, - deydi Ahillik mahallasida yashovchi Nilufar Kamolova. – O‘g‘lim sartarosh, qizim dorishunoslik mutaxassisligiga ega. Farzandlarim bilan birga turmush o‘rtog‘im ishsiz.

Shu bois tadbirkorlik qilish uchun yarim sotix yer so‘rab bormagan joyimiz qolmadi. Mahallamizdan ajratib beriladigan maydonda endi oilaviy korxona ochib, maishiy xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Buning uchun mutasaddilar imtiyozli asosda kredit mablag‘lari olishda amaliy yordam berishlarini bildirishdi.

Sayyor qabulda 32 ta murojaat ro‘yxatga olindi. Ularning 6 tasi shu joyning o‘zida ko‘rib chiqilib, hal etildi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyatidagi Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi mudiri Ma’ruf Abdurazzaqov joriy yilning 22 avgust kuni ish boshlagan. U bungacha Xalq bankining viloyat filiali boshqaruvchisi lavozimida faoliyat olib borgan.