Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bozorlarimiz nega olov ichida qolyapti?

So‘nggi paytlarda viloyatimizda bozorlar, savdo majmualarida yong‘inlar yuzaga kelayotgani haqida xabarlar ko‘paydi.

O‘tgan yili 24 dekabrda "Urgut buyum bozori"dagi 6 ta do‘konda yong‘in yuz berdi. Shu yil 5 iyun kuni Narpay tumanidagi Mirbozorda sodir bo‘lgan yong‘in tufayli 20 ga yaqin do‘konga zarar yetdi.

Oradan to‘rt kun o‘tib, 9 iyun kuni kechasi soat 03:50 atrofida Oqdaryo tumanidagi “Oqdaryo dehqon bozori” MChJdagi bir necha oziq-ovqat va xo‘jalik mollari do‘konlarida yong‘in sodir bo‘ldi.

Samarqand tumanidagi bozor hamda Samarqand shahrining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish uyida bo‘lgan yong‘indan olingan tasvirlar ham ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

Kecha yana bir noxush holat sodir bo‘ldi. Samarqand shahar «Bog‘isaroy» MFY Spitamen shox ko‘chasi 68-uyda joylashgan «Saidabegim» oilaviy korxonasiga qarashli omborxona va savdo do‘konida yong‘in bo‘ldi.

Yong‘in oqibatida omborxona va savdo do‘konining taxminan 210 kvadrat metr maydonda shift, tom qismi va omborxona ichida paxta toylari yonib zararlangan. Yong‘indan 350 kvadrat metr saqlab qolingan.

Xo‘sh, bunday noxush holatlarning ko‘payishiga nima sabab bo‘lyapti?

Yong‘inlarning deyarli barchasiga sovutish uskunalaridagi texnik nosozliklar, jumladan, 90 foiziga elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab bo‘lganligi aytilmoqda. Qolaversa, yong‘in sodir bo‘lgan bino va inshootlarda talab qilingan favqulodda holatlarda birlamchi yong‘in o‘chirgichlar, sepib o‘chirish uchun suv va qum g‘amlanmagan yoki umuman mavjud emas.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati barcha yong‘inlar haqida tezkor xabar berib tez orada batafsil axborot beramiz deb aytsa-da, yong‘inlarning sabab va oqibatlaridan xabarsiz qolyapmiz. Bir necha bor tashkilot rahbarlari bilan mazkur mavzuda suhbatlashmoqchi bo‘ldik, biroq maqsadimiz amalga oshmadi.

Bunga biror bir sabab bormi yoki yong‘inlar sabablari hali ma’lum emasmi? Umuman, bozorlar savdo majmualarining yong‘in xavfsizligi holati vaqti-vaqti bilan tekshirib turiladimi? Bu ishni kim amalga oshiradi?

Hech kim mol-mulkini yonib, hayoti xavf ostida qolishini, moddiy zarar ko‘rishni istamaydi axir.

Dilmurod To‘xtayev.