Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

NNT: Bu yil 1 milliard so‘m edi, 2022 yilda 2,5 milliard so‘m ajratiladi

Samarqanddagi nodavlat notijorat tashkilotlari uzoq yillar davomida bizning ham o‘z tomimiz bo‘lsin, degan mazmundagi takliflarni viloyatdan tortib, respublika rahbarlariga qadar aytilgan edi. Va nihoyat, oradan o‘n yillar o‘tib, ularning bu niyatlari o‘tgan yilning bahor oylarida amalga oshdi.

Samarqandda to‘rt qavatli, barcha zamonaviy shart-sharoitlarga ega bo‘lgan «Do‘stlik uyi» nodavlat notijorat tashkilotlarining chinakam uyiga aylandi.
Xo‘sh, bugun ushbu «uy»da istiqomat qilayotgan nodavlat notijorat tashkilotlar, milliy madaniy markazlar hayotida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda, ular mavjud imkoniyatlardan qanday foydalanyapti?

Viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari «Do‘stlik uyi»da o‘tkazilgan press-turda shu kabi ma’lumotlardan xabardor bo‘lishdi.

Xalq deputatlari viloyat kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasining raisi Farmon Toshev jurnalistlarga NNTlar haqida ma’lumot berar ekan, bugun ushbu sohada 9 mingga yaqin kishi mehnat qilayotganini aytib o‘tdi. Viloyatda ijtimoiy hayotning deyarli barcha qatlamlarini qamrab olgan 787 ta nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 685 tasi respublika nodavlat notijorat tashkilotlarining hududiy bo‘limlari hisoblanadi. 102 tasi fuqarolarning o‘z tashabbusi bilan tashkil etilgan.

«Do‘stlik uyi»da 50 ga yaqin NNT hamda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 11 ta milliy-madaniy markazlar joylashgan. Bu yerda to‘rtta majlislar zali, muzey, kovorking markazi va boshqa qulayliklar mavjud.

- Bu yil viloyat xalq deputatlari kengashi huzurida ham jamoat fondi tashkil etilib, 1 milliard so‘mga yaqin grantlar ajratildi, - deydi ushbu fond rahbari D.Malikov. – 60 ga yaqin loyihalar ichidan 27 nafariga turli yo‘nalishlar bo‘yicha eng kami 30 million so‘m miqdoridagi grantlar ajratildi. Kelgusi yili mahalliy byudjetdan ushbu mablag‘ 2,5 milliard so‘mga yetkazilishi rejalashtirilgan. Ya’ni, kelasi yili nodavlat notijorat tashkilotlarida nafaqat grant, balki subsidiyalar olish imkoni ham paydo bo‘ladi.
Grant yutgan loyihalar orasida Oqdaryo tumanida innovatsion kutubxona, SOS bolalar uyida jonli burchak tashkil qilingan, zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarning reintegratsiyasiga yordam berayotgan qator nodavlat notijorat tashkilotlari bor.

Gulruh MO‘MINOVA.