Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bu yil paxtani qanday terib olamiz?

Samarqand viloyatida hududlardagi mavjud paxta dalalarida g‘o‘zaning holatidan kelib chiqib, kamida 75-80 foiz paxta ochilgan maydonlarda ommaviy ravishda yig‘im-terim ishlariga kirishiladi. Bu haqda bugun Paxtachi tumanida terim mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkil etilgan seminarda aytildi.

Ta’kidlash lozimki, bu yil viloyat bo‘yicha 75 ming 580 gektar maydonga chigit ekilib, g‘o‘za belgilangan agrotexnik tadbirlar asosida parvarish qilindi. Mavsumda shartnomaviy rejada belgilangan 205 ming tonna o‘rniga 255 ming tonna paxta xom ashyosi yetishtirish uchun 1958 fermer xo‘jaliklari hamda 8 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan kontraktatsiya shartnomalari tuzilgan.

Viloyatda 2 ming 225 ta paxta yig‘im-terim otryadlari tashkil etildi. Ularga terimchilar uchun zarur sharoitlarni yaratib berish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Bu yilgi paxta terimi faqatgina ixtiyoriy tarzda amalga oshiriladi. Hosilni yig‘ib-terib olishda faqat fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari ishchilari hamda ixtiyoriy ravishda qo‘shimcha daromad topish maqsadidagi ish bilan band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholi jalb etiladi. Ko‘ngilli sifatida terimga jalb qilingan fuqarolar davlat tomonidan ijtimoiy himoya qilinadi.

Seminarda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari A.Nurqulov ishtirok etdi.