Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bu yil Samarqandda 22 ming nafardan ziyod bolalar oromgohlarga borgan

Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi raisi Suhrob Rafiqov ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Aytilishicha, Samarqandda 74 ta yozgi oromgoh (18 ta doimiy, 56 ta kunduzgi) mavjud bo‘lib, bu yil ularda 21 ming 100 nafar bola sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan edi. Bu mavsum ularda 22 ming 394 nafar bola qamrab olingan. Bugungi kunda 5-davrada to‘rtta statsionar oromgohda 605 nafar bola dam oldirilmoqda. Joriy yilgi mavsum 20 avgustda yakunlanadi.

Rafiqovga ko‘ra, iyul oyi oxiri holatida 9482 nafar ishchi-xodim va ularning oila a’zolari tarixiy shahar hamda qadamjolarga sayohat qilgan. Shundan 6456 nafari Samarqand shahri va o‘z hududlaridagi qadamjolarga, 3026 nafari hamda ularning oila a’zolari tarixiy shaharlarga sayohati tashkil etilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi qoshidagi “Kasaba Samarqand” unitar korxonasi tomonidan 4263 nafar ishchi-xodim respublikamizning diqqatga sazovor joylariga sayohat qilgan.

- O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida 23 ta sanatoriy respublikamiz aholisi salomatligini tiklash va dam olishini ta’minlash maqsadida faoliyat yuritib kelmoqda, - deydi S.Rafiqov. - Ularda joriy yilda viloyatimizdagi tashkilot va korxonalarda faoliyat olib borayotgan 5066 nafar ishchi-xodim va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan edi. O‘tgan davr davomida 2850 nafar ishchi-xodim va ularning oila a’zolari kasaba uyushmalari tizimidagi turli sanatoriylarda sog‘lomlashtirildi. Xususan, urush va mehnat faxriylari, baynalminalchi jangchilar, chernobilchilar, olis va chekka hududlarda yashovchi farzandtalab yosh oila vakillari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ishlovchi vakillaridan 102 nafariga bepul yo‘llanma berildi.

Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi, Kislovodsk shahridagi “O‘zbekiston” sanatoriysida 72 nafar fuqaro sog‘lomlashtirildi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kasaba uyushmasi va Belarus Respublikasi kasaba uyushmasi o‘rtasida ishchi-xodimlarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha memorandum imzolandi.