Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Buffonada uslubida sahnalashtirilgan “Padarkush” dramasi tumanlarda ham namoyish etiladi

Respublikamizning eng yosh teatrlaridan biri O‘zbekiston davlat satira teatri o‘zining “O‘qimog‘on bolaning holi yoxud “Padarkush” milliy fojiaviy komediya spektakli bilan Samarqand mehmon bo‘lib turibdi.

Teatr 1986 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ilk bor Abdulla Qahhorning “Tobutdan tovush” spektaklini sahnalashtirgan.

Bundan bir asr oldin viloyat musiqali drama teatrida Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan sahnalashtirilgan “Padarkush” dramasi buffonada uslubida, ya’ni komediya va dramaning uyg‘unligi asosida sahnalashtirilgan.

- Samarqanddagi teatrda bundan yetti yil oldin rejissyor Lutfulla Sa’dullayevning “Nasriddinning yoshligi” spektaklini namoyish etgan edik, - deydi teatr rahbari o‘rinbosari Qahramon Meliyev. – Bu galgi ijodiy safarimizda Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” dramasi asosida, 2018 yilda rejissyor Jo‘rabek Ro‘zmetov tomonidan sahnalashtirilgan “O‘qimog‘on bolaning holi yoxud “Padarkush” milliy fojiaviy komediya spektaklini namoyish etamiz. Asarda o‘qimagan bolaning ichkilik tufayli o‘z otasining fojiali o‘limiga sabab bo‘lishi, o‘zining mustaqil fikriga ega emasligi qalamga olingan. Mazkur asar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Navoiy, Surxondaryo, Namangan, Qashqadaryo viloyatlarida spektakl tomoshabinlar tomonidan o‘zgacha bir qiziqish bilan kutib olindi.

Spektakldagi rollar yosh aktyorlar Azamat Qurbonov, Jahongir Qo‘chqorov, Nargiza Eltoyeva, Muslim Nuraliyev, Ilhom Yusupov, Bobur Aytmaganbetov, Yusuf Fayziyevlar tomonidan mahorat bilan ijro etildi. Mazkur asar viloyatimizning Oqdaryo, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on, Past Darg‘om, Nurobod, Payariq tumanlarida ham 19 martga qadar namoyish etiladi.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.