Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bugun Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun

1336 yil ​​9 aprel - buyuk sarkarda, yirik davlat arbobi, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi, Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun.

Adolat uchun tolmas kurashchi, bobokalonimiz Amir Temur davrida ilm-fan, madaniyat va ta’lim mislsiz darajada yuksalgan edi.

Zero, siyosiy maydonga qadam qo‘yganda, u endigina 24 yoshda bo‘lgan. Mamlakat parokanda, mahalliy-siyosiy kuchlar o‘rtasidagi o‘zaro qarama-qarshiliklar avj olgan, Chingizxon avlodlari Movarounnahrga tez-tez bosqin uyushtirib turardi. Jamiyatda ozodlikka va taraqqiyotga bo‘lgan intilishlarni o‘zida mujassam etgan xaloskor dohiy zarur edi. Amir Temur ana shunday yo‘lboshchi sifatida tarix sahnasiga chiqdi.

1370 yilda Balxda bo‘lib o‘tgan qurultoyda ulug‘ amir deb e’lon qilingan Amir Temur tarqoqlikni bartaraf etib, o‘lkalarni yagona davlatga birlashtirdi. Amudaryo bilan Sirdaryo oralig‘i, Farg‘ona va Shosh viloyatlari, Markaziy Osiyo davlatlari, Hind va Gangadan Zarafshongacha, Tyan-Shandan to Bosforgacha ulkan saltanat barpo etdi.

Tarix Amir Temurni makedoniyalik Iskandar, Doro I, Yuliy Sezar kabi yirik sarkardalar bilan bir qatorga qo‘yadi.

«Kuch – adolatdadir» shiori Sohibqiron davlati hududida axloqiy va ma’naviy mezonga aylangan edi. Ulkan va bepoyon mamlakatning poytaxti rutbasini olgan Samarqand kurrai zaminda eng go‘zal shahar sifatida chiroy ochdi.

Amir Temur 1405 yil 18 fevral kuni O‘tror shahrida vafot etgan.