Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bugun tug‘ilgan kun - Sadriddin Ayniy (1878-1954)

Yozuvchi, olim, o‘zbek hamda tojik adabiyoti namoyandasi, o‘z davrining jamoat arbobi Sadriddin Ayniy 1878 yil 15 aprelda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani, Soktari qishlog‘ida tug‘ilgan.
Masjid qoshidagi maktabda ilk ta’limni olib, so‘ng qishloq mullasining rafiqasi Bibi Xalifa maktabida o‘qigan.

1890 yilda Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil oladi. Bu yerda ta’lim beriluvchi kitoblarga nisbatan, ko‘proq she’riyat bilan qiziqadi. “Ayniy” taxallusini u 1896 yil olgan.

1905 yil mashhur shoir bo‘lgach, uning she’rlari saylanma asarlar to‘plamiga kiritilgan. U vaqtlar tashkil qilingan “Ma’rifat” jamiyati “yangi uslubdagi” maktablar (mahalliy) uchun darsliklar yozgan.
1920 yil uylanib, oilasi bilan Samarqandga keladi. Bu yerda maktabda dars beradi, so‘ngra butunlay adabiy faoliyat bilan shug‘ullanadi. 1929 yil Tojikiston SSR Markaziy saylov hay’ati a’zosi, 1934 yil esa SSSR Yozuvchilar uyushmasi rahbariyati a’zosi etib saylanadi.

U ilk bor “Tojik adabiyoti namunalari” nomli tojik milliy ijodiy saylanmasini tuzgan. Sadriddin Ayniy Tojikiston SSRda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston SSR FAning sharafli a’zosi, filologiya fanlari doktori, Tojikiston SSR FAning birinchi prezidenti, Tojikiston Davlat mukofotining birinchi laureati bo‘lgan.

Sadriddin Ayniy asarlarini tojik va o‘zbek tilida yozgan. U ikki xalq adabiyotiga katta hissa qo‘shgan. Uning “Odina”, “Doxunda”, “Qullar”, “Sudxo‘rning o‘limi”, “Xotiralar” (“Buxoro”) asarlari sevib o‘qiladi.

Asarlari rus, ukrain, belarus, litov, polyak, chex, fransuz, urdu tillariga tarjima qilingan.
Saydriddin Ayniy 1954 yil 15 iyul kuni Stalinobod (hozirgi Dushanbe) shahrida vafot etgan.
***
BEHBUDIY RUHIG‘A ITHOF
(Shabi hijron havosig‘a)

Sani mundin buyon Turon ko‘rolurmu, ko‘rolmasmu?
Saning mislingni Turkiston topolurmu, topolmasmu?

San, ey ustodi oliyshon, eding ajubai davron,
Otingni tilga har inson buyuk hurmat-la olmasmu?

Saning tarixiy davroning, saning osoru urfoning,
Saning noming, saning shoning jahon qoldiqcha qolmasmu?

Saning ko‘ksung cho‘kulganmu, saning beling bukulganmu?
Saning qoning to‘kulganmu? Muni(ng) hech kim so‘rolmasmu?

Boshingni kesduran qotil, u badtiynat, u sangin dil,
Xudodan gar esa g‘ofil, xaloyiqdan uyolmasmu?

Vatan avlodi yod etdi, sani hurmat-la shod etdi,
Va lekin intiqomingni ololurmu, ololmasmu?

Jahonda zulmdur zohir, jahon xunxo‘r, jahon jobir,
Jahondan bir zamon oxir sitamgarlik yo‘qolmasmu?

Behishtu hurii g‘ilmon, sanga Haq aylasun ehson,
Sanga rahmat, sanga g‘afron Xudoyim yetkazolmasmu?!

VATAN YoDI

Ey vatan, boshimga mushkul tushdi hijroning sening!
Benavo boshim o‘laydi, kosh, qurboning sening!

Sandug‘ochlar o‘rniga joizmi qo‘nsun qarg‘alar?
Boq! Na bo‘ldi oqibat bog‘ing, gulistoning sening!

Qon yutarlar navniholoning bu kun suv o‘rniga,
Nahri xun afshona do‘ndimi Zarafshonning sening!

Gar suquldi xanjari bedod jismi pokinga,
Noxalaf o‘g‘lonlaring bo‘ynigadur qoning sening!

He, umeding uzma, Ayniy, davr istiqbolidin,
Har vatandoshing o‘lur bir kun hamafg‘oning sening.