Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bulung‘urda yuzlab taksi haydovchilaridan doimiy ravishda pul olib yurgan tovlamachilar guruhi fosh etildi: Guruh a’zolari fuqaroni do‘pposlagani ham oydinlashmoqda

Aniqlanishicha, mazkur guruh bir qator taksi haydovchilaridan litsenziyasi bo‘lmagani uchun, 17 ta nafar ruxsatnomaga ega bo‘lsa ham, 100 nafar taksi haydovchisidan yo‘lovchi tashish korxonasiga to‘lov bahonasi bilan har kuni 40 ming so‘mdan undirib kelgan.

Viloyat IIB axborot xizmatiga ko‘ra, IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash boshqarmasi xodimlari tomonidan Bulung‘ur tumani markazida joylashgan “Bulung‘ur dehqon bozori” hududida ikki nafar shaxsning fuqarolardan litsenziyasiz kirakashlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganligi uchun doimiy ravishda tovlamachilik yo‘li bilan pul talab qilib kelayotganligi to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgan.

Holat bo‘yicha 2021 yil 23 dekabr kuni “Bulung‘ur dehqon bozori” oldida Samarqand viloyati IIB hamda DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda fuqaro I.K. taksi haydovchisidan kunlik talab qilib kelayotgan 40 000 so‘m pullarni olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan. Guruh a’zolari I.K. va sherigi A.K. lar Bulung‘ur tuman IIBga olib kelinib, xolislar ishtirokida yon cho‘ntaklari ko‘zdan kechirilganda cho‘ntaklaridan tadbir uchun ishlatilgan maxsus ishlov berilgan pullar ekanligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.

Shundan so‘ng surishtiruv davomida yuqoridagi shaxslar “Gulbahor opa trans” MChJ xodimlari 17 ta taksi avtomashinalariga ruxsati bo‘lishiga qaramasdan, 100 ga yaqin taksi avtomashinalardan kunlik 40 ming so‘mdan pul mablag‘larini noqonuniy ravishda undirib, MChJning rahbari X.G.ga berib kelishini va o‘zlarining shaxsiy manfaatlari yo‘lida ishlatib kelayotganligini ma’lum qilgan.

“Gulbahor opa trans” MChJda pul terish ishlari bilan shug‘ullanuvchi yana 3 nafar fuqaro aniqlanib, tuman IIBga olib kelingan.

Bundan tashqari, o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Bulung‘ur tumani markazida joylashgan bekatlarda pul yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi shaxs bilan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida, u “Bahora avto yo‘lovchi” XKda ishlashini va yo‘nalishiga qarab kunlik “stoyanka” xaqqi uchun har bir avtomashinadan kunlik 2 ming so‘mdan 4 ming so‘mgacha, litsenziyasiz faoliyat olib borishlari uchun esa har bir avtomashina egasidan kunlik 20 ming so‘mdan 50 ming so‘mgacha naqd pul mablag‘larini terib olishini va jamiyat rahbari E.A.ga topshirishini ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng, “Bahora avto yo‘lovchi” XK direktori E.A. ushlanib, shaxsiy tintuv qilinganda, uning yonidan taksi avtomashinalarini yozib boruvchi daftar, ruchka va 670 ming so‘m pullar borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holatlar bo‘yicha olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv davomida, I.K. va A.K. lar bir guruh bo‘lishib, 2021 yil 28 avgust kuni soat 13:30 larda jamoat joyi hisoblangan Bulung‘ur tumani “Mehrjon” mahallasi hududida jamiyatda o‘rnatilgan odob-axloq normalariga zid ravishda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, hech bir sababsiz fuqaro D.R. tanasining turli sohalariga urib-do‘pposlab, unga tan jarohati yetkazishganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Bulung‘ur tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan I.K. va A.K. larga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilar ushlangan.