Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bulung‘urda topilgan Yetimsoy qoyatosh suratlari davlat muhofazasiga olindi

Yaqinda G‘o‘bdin tog‘ining Bulung‘ur tumani hududidagi Yetimsoy darasida qoyatosh suratlari topilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Tumandagi 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilaridan biri tog‘dagi toshlarda hayvonlar, ov manzaralari tasvirini ko‘rib, bu haqda o‘qituvchi tog‘asiga aytadi. Keyin muallimning o‘zi ushbu manzilga boradi.

Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ularni kelajak avlodga yetkazish asosiy maqsad hamda vazifalaridan biri hisoblangan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tezda ushbu masalaga e’tibor qaratdi. Partiyaning Samarqand viloyati kengashi viloyat madaniy meros boshqarmasi mutaxassislari, tarixchi va arxeolog olimlar bilan birgalikda mazkur hududni borib o‘rgandi, toshlardagi suratlar va ularning tarixi bilan qiziqdi. Samarqand davlat universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi milliy arxeologiya markazi Samarqand arxeologiya instituti olimlari daradagi qoyatoshlarda aks etgan tasvirlar milloddan avvalgi 2000 yillarga, bronza davrining oxirlariga borib taqalishini qayd etdi. Bu yerda asosiy mashg‘uloti ovchilik va chorvachilik bo‘lgan ajdodlarimiz yashagan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelindi.

- Hududda buloq mavjudligi, qurol yasash uchun uchqur toshlarning ko‘pligi va chorvachilik, ovchilik bilan shug‘ullanishga imkoniyat kengligi shunday xulosa qilishga asos bo‘ldi, - deydi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Samarqand viloyat Kengashi raisi A.Axtamov. - Olimlar qoyatoshlardagi tasvirlar kamida besh-olti ming yillik tarixga tarixga ega ekanligini ta’kidlashdi. Yetimsoydagi bu bebaho tarixiy merosni asrab-avaylash va bu yerda tadqiqot ishlarini olib borish hamda kelgusida sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish maqsadida partiyamizning xalq deputatlari Bulung‘ur tumani kengashidagi deputatlik guruhi ushbu muhim masalani sessiya kun tartibiga olib chiqdi. Shu yilning 25 fevral kuni o‘tkazilgan sessiyada Yetimsoy darasida joylashgan 2 ta yirik tepalikni moddiy-madaniy meros ob’yekti ro‘yxatiga kiritib, davlat muhofazasiga olish, bu maskanni asrab-avaylash yuzasidan qaror qabul qilindi. Bu yerdan qoyatoshlarning qurilish materiali sifatida olib ketilishini to‘xtatish, hududni muhofaza qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi, jamoatchi nazoratchi tayinlandi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Samarqand viloyat kengashi tomonidan jurnalist va blogerlar uchun Yetimsoy darasiga uyushtirilgan press-turda partiya faollari, mutaxassislar arxeologik yodgorlikning topilishi va uni asrab-avaylash uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

- Yetimsoy darasidagi qoyatosh chizmalari arxeolog olimlarning o‘zbek-fransuz ekspeditsiyasi tomonidan 2019 yilda qayd etilib, bu manzilni muhofazaga olish va ilmiy-tadqiqotlar olib borish haqida tegishli idoralarga xabar berilgan edi, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi milliy arxeologiya markazi Samarqand arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi Azmiddin Xolmatov. - Keyingi o‘rganishlar esa bu jarayonni tezlashtirdi. Toshlarda aks etgan ov manzaralari, turli hayvonlar tasviri bu yerda bronza davrida odamlar yashagani, ular asosan, chorvachilik, ovchilik bilan shug‘ullanganini ko‘rsatadi. Shuningdek, mazkur hududda neolit davriga oid aholi manzilgohi ham aniqlangan va oldimizda buni keng tadqiq etish vazifasi turibdi.

Press-tur qatnashchilari qoyatoshlarda aks etgan suratlarni ko‘zdan kechirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.