Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bulung‘urdagi ko‘priklar bosqichma-bosqich ta’mirlanyapti

Joriy yilning 15 avgust kuni internet nashrlarida Bulung‘ur tumanidagi ko‘prik mahalla aholisini xavotirga solayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Bulung‘ur tumani hududidan 4 ta – “O‘ng qirg‘oq” (1941 yilda barpo etilgan), “Bot-bot” (1970 yil), “Oqtepa” (1960 yil), “Bulung‘ur” (1960 yil) magistral kanallari o‘tgan. Shuningdek, tumanda yana 4 ta “Yangi besh” (1970 yil), “Qora ariq” (1960 yil), “Oq ariq” (1960 yil), “Chet ariq” (1960) deb nomlanuvchi ariqlar ham mavjud.

Tuman hududidan o‘tuvchi ushbu kanal va ariqlarga 71 ta (shundan 37 tasi O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi balansida, 4 tasi Suv xo‘jaligi vazirligi balansida, 30 tasi esa egasi aniqlanmagan) ko‘prik qurilgan. Ushbu ko‘priklarning 2 tasi 1960 yilgacha, 32 tasi 1960-1975 yilarda, 27 tasi 1976-1990 yillarda, 27 tasi 1991-2005 yillarda, 5 tasi 2005 yildan keyin bunyod etilgan. Ularning 23 tasi mahalliy ahamiyatga molik yo‘llarda, 32 tasi qishloq ichki yo‘llarida joylashgan.

Joriy yil bahor faslining seryog‘in kelishi hamda yoz oyida havo haroratining odatdagidan baland bo‘lganligi sababli suv sathi ko‘tarilib, ayrim ko‘priklarga turli darajada zarar yetgan. Hozirgi kunda ularni bosqichma-bosqich ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, internet nashrlarida keltirilgan Chorbog‘ mahallasi hududida joylashgan ko‘prik reja asosida ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan edi. Shu asosda olib borilgan ishlar natijasida ko‘prikda o‘tib-qaytuvchilar uchun xavfsizlik ta’minlanib, asosiy yo‘lga olib chiqiluvchi 250 metr uzunlikdagi yo‘lak uchun yer ajratildi hamda tosh to‘kilib, tekislandi.

Bulung‘ur tumani hokimligi axborot xizmati.