Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bulung‘urliklar o‘sish, o‘zgarishni his qiladi(mi?)

Mamlakat o‘zgaryapti, siyosat yangilanyapti. Boshqaruv tizimi yangicha bir shaklda ish olib bormoqda. Endi odamlarning ertaga emas, bugun baxtli yashashini ta’minlash choralari ko‘rilyapti.

Jumladan, yangi O‘zbekistonning besh yillikka mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida ham bu borada aniq vazifalar belgilangan. Ayni paytda joylarda ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

Qayd etilishicha, Bulung‘ur tumani o‘sish nuqtasi (drayver), jumladan, aholi daromadlarini oshirishning asosiy yo‘nalishlari sifatida meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash hamda yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish belgilab olindi.

Tumanning Hamid Olimjon, Alisher Navoiy, Fozil Yo‘ldosh, A.Maxsumov, “Zarafshon”, “Kildon” agrofirmalari hududidagi fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida kartoshkachilik asosiy daromad manbai hisoblanadi. Chunki bu hududlarda odamlarning kartoshka yetishtirish bo‘yicha tajribasi bor, xo‘jaliklar ham shu sohaga ixtisoslashgan, eng muhimi, tabiiy iqlim sharoiti kartoshkadan mo‘l hosil olish uchun qulay hisoblanadi.

O‘tgan yili mazkur hududlarda 5172 gektar (2866 gektar asosiy, 2306 gektar g‘alla va boshqa ekinlardan bo‘shagan) maydonga 2020 yil chetdan olib kelingan kartoshka urug‘lari va 2021 yil Niderlandiya davlatidan keltirilgan 1542 tonna kartoshka urug‘i ekilgan. Yil yakunida 81017 tonna hosil olingan.

Misol uchun, sobiq Hamid Olimjon agrofirmasi negizida “Greyen agro Zarafshon” kartoshkachilik klasteri tashkil etilib, hududdagi 58 ta fermer xo‘jaligi unga a’zo bo‘lgan. Hududda 605 gektar maydonda kartoshka ekilib, 21175 tonna mahsulot olingan. Muhimi, bu ish bilan 240 kishi band bo‘ldi.

- Joriy yilda tumanda 6566 gektar, jumladan, asosiy maydonlarning 2866 gektar, g‘alla va boshqa ekinlardan bo‘shagan maydonlarning 3700 gektar maydoniga kartoshka ekilishi rejalashtirilgan, - deydi tuman hokimi Samandar Astanov. – Buning uchun talab etiladigan 22 981 tonna kartoshka urug‘i avvalgi yillarda chetdan olib kelingan urug‘lar asosida tayyorlanadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 137052 tonna hosil olish rejalashtirilyapti.

Asriy an’ana - rivojlanish asosi

Tuman hokimining aytishicha, meva-sabzavotchilik tumanni rivojlantirish bo‘yicha o‘sish nuqtasining 2-yo‘nalishi sifatida belgilangan. Chunki tabiiy-iqlim sharoiti bu borada qulay, ushbu yo‘nalishda aholida ham ko‘nikma shakllangan. Bundan tashqari, soha bo‘yicha yetarli tajribaga ega mutaxassislar bor.

Shu bois, o‘tgan yil 4836 gektar maydonda turli sabzavotlar ekilib, 326 233 tonna hosil yig‘ishtirib olingan. Bundan tashqari, 105 gektar bog‘ va 63 gektar uzum maydonlari tashkil etildi. Fermer xo‘jaliklari va boshqa korxonalar 4602 gektar bog‘, 2624 gektar uzumzordan 20127 tonna meva va 15114 tonna uzum yetishtirgan.

- Yillar davomida meva-sabzavotlarimiz bozor talablari asosida qayta ishlanmagan, - deya davom etdi S.Astanov. – Ya’ni, yetishtirilgan hosilga qiymat qo‘shilmagan. Keyingi yillarda bu masalaga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu ma’noda o‘tgan yili tumanimizda yetishtirilgan 48,2 ming tonna meva-sabzavot 6 ta mahalliy korxonamizda qayta ishlandi. Ular tomonidan 8 million 328 ming AQSh dollari miqdorida eksport amalga oshirildi.

Birgina misol, “Greyen agro eksport” MChJ tomonidan 35 milliard so‘mlik investitsiya loyihalari asosida 15 ming tonna sabzavotni qayta ishlash quvvatiga ega korxona ishga tushirildi. Natijada korxona tomonidan 1000 tonnadan ortiq meva-sabzavot qabul qilinib, qayta ishlandi.

Bu borada joriy yilda ham oldimizga ulkan maqsadlarni belgilab olganmiz. Xususan, 400 gektar bog‘ va 2965 gektar uzumzor tashkil etish rejalashtirilgan. Shuning 900 gektarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilinadi.

Bu kabi sa’y-harakatlar orqali 533,7 ming tonna meva-sabzavot yetishtirish, uni qayta ishlash darajasini o‘tgan yilgi 8,5 foizdan 11,6 foizga chiqarish choralari ko‘rilmoqda. Ya’ni, bu yil 66 ming tonna meva-sabzavot qayta ishlanadi, bozor talablariga mos mahsulotga aylantiriladi.

Tumanda joriy yilda 16 million dollarlik meva-sab­zavot eksportga chiqariladi. Eksport geografiyasini 21 taga kengaytirish, mahsulot turlarini 57 taga ko‘paytirish rejalashtirilgan. Eksportyor korxonalar soni 8 taga oshishi kutilyapti.

Xizmat ko‘rsatish salmog‘i ortadi

Bulung‘ur tumani o‘sish nuqtalaridan yana biri bu xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi hisoblanadi. Bunda M-39 avtomagistral yo‘lining 24 kilometri tuman hududidan o‘tganligi muhim omil sifatida qaralmoqda.

Ayni paytda yo‘lning ikki tomonida 28 ta savdo do‘koni, 10 ta umumiy ovqatlanish, 15 ta avtomobillarga yoqilg‘i quyish, 13 ta avtoservis, 5 ta avtomobillarni yuvish shoxobchasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yo‘lda bir sutkada 35-40 mingdan ko‘proq avtomobil harakatlanarkan.

- O‘tgan yili avtomagistral bo‘yida 5 ta loyiha amalga oshirildi, - dedi tuman hokimi. - Misol uchun, «Tilovova Gulchehra» oilaviy korxonasi tomonidan 2 milliard so‘mlik loyiha doirasida ikki qavatli bino qurilib, umumiy ovqatlanish shoxobchasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Boshqa bir korxona keyingi yillarda 7 ta loyihani amalga oshirdi. Jumladan, umumiy ovqatlanish shoxobchasi, oilaviy tadbirlar bazmgohi, savdo do‘koni, 4 ta avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi tashkil etilgan. Bu yerda 56 nafar bulung‘urlik mehnat qilmoqda.

Qayd etilgan yo‘l bo‘yida joriy yilda qiymati 11,3 milliard so‘mlik 22 ta loyiha amalga oshirilib, 118 ta ish o‘rni tashkil etilishi belgilangan. Jumladan, 2 ta mehmonxona, 1 ta kemping, 6 ta savdo do‘koni, 3 ta umumiy ovqatlanish, 9 ta avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tashkil etiladi.

Hech bir soha e’tibordan chetda qolmaydi

Joriy yilda tumanda nafaqat meva-sabzavotchilik va kartokachilik, balki qishloq xo‘jaligining boshqa sohalari rivojiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, tumanda 300 tonna sut va 2 ming tonna go‘sht yetishtirish rejalashtirilmoqda.

Albatta, mazkur ko‘rsatkichlarga erishish uchun aniq rejalar belgilab olingan. Misol uchun, chorvachilik sohasida 3,5 milliard so‘mlik 4 ta loyiha amalga oshiriladi. Bunda 90 bosh naslli yirik shoxli mol va 100 bosh qo‘y-echkilar olib kelinadi.

Parrandachilik yo‘nalishida esa 73,4 milliard so‘mlik parrandachilik kompleksi ishga tushiriladi. Baliqchilikda 120 million so‘mlik 2 ta, asalarichilikda 60 million so‘mlik 1 ta loyiha belgilangan.

Bir qarashda agrar tumanda ayni ixtisos­lashuv sohadagi loyihalar kamdek ko‘rinadi. Biroq mutasaddilarning aytishicha, bu yakuniy to‘xtam emas, aniqrog‘i joriy yil uchun shugina loyihalar ko‘zda tutilmagan. Negaki, hududni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan investitsiya dasturlari doirasida qiymati 553,5 milliard so‘mlik 45 ta loyiha amalga oshirilarkan.

Umuman, tumanda tovar va xizmatlar eksport hajmini 17,2 million dollarga va o‘sish sur’atini 124 foizga yetkazish choralari ko‘rilmoqda.

Bulung‘urda yangi massiv bo‘ladi

- Tumanda joriy yil mutlaqo yangicha qurilish-obodonlashtirish ishlar amalga oshiriladi, - dedi S.Astanov. - Birgina misol, Olmazor mahallasi hududidagi 28 gektar maydonda ehtiyojmand oilalarni arzon va sifatli uy-joy bilan ta’minlash maqsadida “Yangi O‘zbekiston” turarjoy massivi barpo etiladi. Bu yerda yil yakunigacha 18 ta 5 qavatli uy quriladi.

Shuningdek, “Obod qishloq” dasturi doirasida 28 milliard so‘m mablag‘ hisobidan Chorbog‘ va Bot-bot qish­loqlarida obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlar amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, yil yakunigacha tumanda 14,1 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 24,9 km. ichki yo‘llar ta’mirlanadi. Investitsiya dasturi doirasida 8 ta suv inshooti va 32,1 km. ichimlik suvi tarmog‘i quriladi.

Tuman mahalliy byudjeti mablag‘lari asosida suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 13 ta mahalladagi 13 ta qishloqda 12 ta ichimlik suvi ob’yekti va 40 km. tarmoq qurish rejalashtirilyapti.

Darvoqe, joriy yilda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, telekommunikatsiya tarmoqlari va axborot tizimlarini rivojlantirish maqsadida 281,7 km. optik tolali aloqa liniyalari yotqiziladi.

Tibbiy xizmat sifati yuksaladi

Ha, tumanda yil davomida amalga oshiriladigan ish rejasi bilan tanisharkanmiz, hudud katta o‘zgarishlarga yuz tutayotganiga guvoh bo‘ldik. Yana bir gap, bu yerda odamlar salomatligini saqlash, jumladan, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va ko‘lamini kengaytirish borasida ham katta maqsadlar belgilangan.

Jumladan, o‘tkir yurak qon-tomir kasalliklari markazini tashkil etish va gemodializ xizmatini yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilyapti.

Ma’lum qilishlaricha, diagnostika markazi tashkil etilib, tibbiyot birlashmasida 30 o‘rinli jarrohlik, 10 o‘rinli shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi patalogoanatomik tekshiruv uchun bino qurilarkan.

Albatta, rejalar ro‘yobi, ishlar sarhisobi vaqt talab qiladi. Ko‘zda tutilgan o‘sish, o‘zgarishlar belgilangan muddatlarda amalga oshirilib, ularni bulung‘urliklar o‘z hayotida his qiladi, deb umid qilamiz.

 Yoqubjon Marqayev.