Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Butun umrini teatrga bag‘ishlagan inson

Atoqli rejissyor, xalq artisti, san’at arbobi, davlat mukofoti laureati, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni va bir qator xalqaro mukofotlar sohibi Bahodir Yo‘ldoshev hayot bo‘lganida bugun 77 yoshni qarshi olgan bo‘lardi.

Bahodir Yo‘ldoshev 1945 yil 7 sentyabrda Kattaqo‘rg‘on shahrida san’atkorlar oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent teatr va rassomchilik institutida rejissyorlik mutaxassisligi bo‘yicha o‘qidi. Institutda ajoyib o‘zbek rejissyori Toshxo‘ja Xo‘jayevdan saboq oldi. Leningrad katta drama teatrida mashhur san’atkor Georgiy Tovstonogov qo‘lida o‘qidi. Rejissyor va murabbiy Aleksandr Ginzburg bilan yonma-yon ishladi. Bu esa uning rejissyorlik mahorati oshishida katta yordam berdi.

Teatrga o‘tgan asrning 70-yillari boshlarida keldi. Yosh rejissyor sobiq Hamza teatrida ilk bor A.Dyumaning «Nel minorasi», M.Karimning «Oy tutilgan tunda», F.Shillerning «Qaroqchilar» asarlarini sahnalashtirdi.

Yigirma yetti yoshida ushbu nufuzli teatrga bosh rejissyor va badiiy rahbar etib tayinlanadi. 1984-2004 yillarda Abror Hidoyatov nomidagi O‘zbek davlat drama teatrida badiiy rahbar sifatida faoliyat ko‘rsatadi.

Kinoda aktyor sifatida Olchinbek («Olovli yo‘llar»), Muxtorov («Tog‘dagi uchrashuv»), Sherzod («Olmos kamar»), Sobirov («Oshpaz») kabi obrazlar yaratdi.

Said Ahmadning «Kelinlar qo‘zg‘oloni» asari asosida sahnalashtirilgan spektakl o‘zining milliyligi, aktyorlarning emin-erkin xatti-harakatlari, sahna bezaklari tomoshabinlarni o‘ziga maftun qildi va mehrini qozondi. Sahnada «Maysaraning ishi» asarining qo‘yilishi kutilmagan yangilik bo‘ldi.

1997 yildan boshlab mamlakatimizda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib qoldi. Ikki yilda bir bo‘ladigan bu musiqa bayramining ochilish marosimida ulug‘vor Registon maydonida teatrlashtirilgan katta ommaviy tomosha qo‘yish ham urf bo‘lib, uni sahnalashtirish muttasil Bahodir Yo‘ldoshev zimmasiga yuklandi.

B.Yo‘ldoshev loyihasi asosida Kattaqo‘rg‘onda qadimiy tomoshagoh - Amfiteatr barpo etildi.
Umrining oxrigi kunlarida B.Yo‘ldoshev o‘zi ochgan «Diydor» teatr studiyasining badiiy rahbari sifatida faoliyat yuritdi.

2021 yil 16 may kuni 76 yoshida vafot etdi.

Bugungi kunda Kattaqo‘rg‘on shahridagi 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga Bahodir Yo‘ldoshev nomi berilgan.