Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Buxoroda gaz bosimi pasayganidan aholi norozilik bilan chiqdi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Buxoroda gaz yo‘qligidan norozi aholi mashina yo‘lini to‘sib qo‘yib, katta ko‘chalarga chiqib ketayotganligi aytilmoqda”, degan izoh ostidagi videomateriallar tarqalmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro tumani hokimligi munosabat bildirdi.

O‘rganishlar jarayonida videomaterial Buxoro tumanidagi “Rabotipoyon” mahalla fuqarolar yig‘inida tasvirga olinganligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, 949 ta xonadonda 5 ming 610 nafar kishi istiqomat qilayotgan “Rabotipoyon” mahalla fuqarolar yig‘inida ayni paytda tabiiy gaz bosimi pasaygan.

Mutaxassislar buni ob-havoning keskin tushib ketishi natijasida gaz iste’moli ko‘payishi va oqibatda hudud aholisining aksariyat xonadonlarida tabiiy gaz bosimida muammolar paydo bo‘lganligi bilan izohlashmoqda.

Shuningdek, dastlabki o‘rganishlar jarayonida mahalladagi gaz maromlash punktining soz holatda ekanligi aytilmoqda. Hozirda gaz bosimi bilan bog‘liq muammoni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, Buxoro tumani hokimligi axborot xizmati bu borada batafsil axborot berilishini ma’lum qildi.