Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Buxoroda Samarqandning oddiy suvi sotilmoqda

Avval xabar qilganimizdek, Navro‘z bayrami munosabati bilan e’lon qilingan dam olish kunlarida Samarqand viloyati «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari tahririyati xodimlaridan bir guruhi Buxoro shahrida sayohat qilmoqda.

Sayohat davomida fotomuxbirlarimiz qadimiy shaharning tarixiy va diqqatga sazovor joylari bilan birga bu yerning ayrim e’tiborli, muammoli va ko‘p joyga joriy qilsa arziydigan jihatlarini suratga oldi.

E’tiborlisi

Bu jihat samarqandliklarga tegishli. Har yomonning bir yaxshisi bor, deganlaridek biz odatda suv ta’minoti, sifati borasida ko‘p e’tirozlar qilamiz. Ammo bu borada buxoroliklarning qanoatiga tasanno aytsak arzir ekan. Buxoro shahri, umuman, tumanlar aholisi iste’mol qiladigan suv sho‘r. Shuning uchun shahar bo‘ylab ayrim suv tashuvchi yuk avtomobillari Samarqanddan chuchuk suv olib kelib sotar ekan...

Muammosi

Rosti, shahardagi do‘kon egalari, sotuvchi va xizmat ko‘rsatuvchilar mahalliy millat vakillari bo‘lsa-da, binolari peshtoqidagi yozuvlar boshqa tilda berilgan. Shu jihatdan buxoroliklar samarqandliklardan qolishmas ekan, degan xulosaga keldik. Suratlarni ko‘rib, o‘zingiz guvoh bo‘ling: Buxoro shahri ko‘chalari aksariyatining ikki tomonida qator savdo va xizmat ko‘rsatish rastalari o‘rin olgan. Tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan do‘kon va turli xizmat ko‘rsatish binolarining peshtoqlariga ilingan yozuvlar asosan chet tilida berilgan.

Hamma joyda joriy etsa bo‘larkan...

Buxoro shahridagi ko‘chalarda svetoforning yonishi e’tiborimizni tortdi: qizil yo yashil chiroq yonganda nafaqat chiroq, balki ustunlar yuqoridan pastgacha shu rangda tovlanarkan. Bu esa haydovchi va piyodalar uchun juda qulay. Bu amaliyot nafaqat Samarqandda, balki barcha hududlarda qo‘llansa yaxshi samara berishi shubhasiz.