Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Chet eldagi fuqarolar charter reyslar orqali qaytariladi

Respublika maxsus komissiyasi axborotiga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq chet eldagi fuqarolarimizni charter reyslar orqali evakuatsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda.

Charter reyslar grafigiga ko‘ra, 24-27 mart kunlari har kuni Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridan 1 tadan jami 4 ta reys (RF mahalliy vaqti bo‘yicha soat 17:00 da), Turkiyaning Istanbul shahridan 24 hamda 27 mart kunlari 2 ta reys (Turkiya Respublikasining mahalliy vaqti bo‘yicha soat 23:00 da) amalga oshiriladi. Shuningdek, Koreyaning Seul shahridan 29 mart kuni charter reys (vaqti aniqlanmoqda) amalga oshiriladi.

Huddi shu kabi kelgusi haftada ham Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Turkiyaning Istanbul, BAAning Dubay shaharlaridan fuqarolarimizni yurtimizga charter reyslari orqali evakuatsiya qilish ishlari davom etmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, samolyot ekipaji a’zolari ham xavfsizlik nuqtai nazaridan, koronavirus inkubatsiyasi davridan kelib chiqib, karantin ostida saqlanishini hamda maxsus komissiya tomonidan mazkur masalani imkon qadar qisqa muddat ichida bartaraf etish choralari ko‘rilayotganligini inobatga olgan holda, chet elda bo‘lib turgan fuqarolarimiz tomonidan sabrli bo‘lishlari so‘raladi.

Charter reyslar orqali mamlakatimizga olib kelinadigan barcha fuqarolar maxsus komissiya talablariga muvofiq, maxsus tekshiruvlardan o‘tkaziladi va qat’iy ravishda respublikaning hududlarida karantin tadbirlari uchun tashkil etilgan sanatoriy va boshqa muassasalarda 14 kunlik karantinda nazoratda saqlanadi.