Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Chet tili o‘qituvchilari ustama berilishi uchun test sinovlaridan o‘tishi kerakmi?

Ayni kunlarda chet tili o‘qituvchilarini shu kabi savollar qiziqtirmoqda. Zarnews.uz sayti ularning savollariga javob izladi. Savollarga Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limi yetakchi mutaxassisi Samariddin SUYuNOV javob berdi.

- Chet tili o‘qituvchilari oylik maoshlariga ustama berilishi uchun test sinovlaridan o‘tishi kerak ekan. Ular qayerdan va qay tartibda ro‘yxatdan o‘tadi?

- 2021 yil 1 noyabrdan chet tillar o‘qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlariga oylik ustama belgilash test sinovlari uchun talabgorlarni ro‘yxatga olish boshlandi.
Ro‘yxatga olish my.dtm.uz sayti orqali amalga oshirilmoqda va joriy yilning 30 noyabr kuniga qadar davom etadi.
Mazkur xizmat my.dtm.uz saytining “Chet tillar o‘qituvchilari uchun test sinovlari” bo‘limida joylashgan.

- Chet tili o‘qituvchilariga test sinovlarida qaysi fanlardan savollar beriladi?

- Test sinovlari ingliz, nemis, fransuz, ispan, italyan, koreys, xitoy, yapon, turk, arab, fors, pushtu va hindiy tillari bo‘yicha tashkil etiladi va dekabr oyining uchinchi o‘n kunligida o‘tkaziladi.
Savollar faqatgina o‘zining mutaxassislik fanidan bo‘ladi va ikki bosqichda bo‘lib o‘tadi.

Birinchi bosqichida tinglab tushunish, o‘qish, leksik va grammatik kompetensiyalar hamda yozma ish bo‘limlaridan imtihon topshirsa, ikkinchi bosqichida gapirish ko‘nikmasidan imtihon topshiradilar.
Testning tinglab tushunish, o‘qish, leksik va grammatik kompetensiyalar bo‘limlarining har biridan kamida maksimal ballning 50 foizi (15 ball)ni yiqqan o‘qituvchilarning yozma ishi tekshiriladi. Yozish bo‘limidan kamida maksimal ballning 60 foizi (18 ball)ni yiqqan o‘qituvchilarning gapirish ko‘nikmasi tekshiriladi. Gapirish ko‘nikmasidan kamida maksimal ballning 60 foizi (18 ball)ni yiqqan o‘qituvchilar test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi.

- Test sinovlaridan o‘tgan chet tili o‘qituvchilarining maoshiga qancha ustama qo‘shiladi?

- Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan va belgilangan talablarni bajargan o‘qituvchilarning bazaviy lavozim maoshlariga 15 yoki 30 foiz miqdorida ustama belgilanadi.