Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Chingizxonning qabrida behisob boylik bormi?

Hali topilmagan eng boy xazinalardan biri Chingizxon qabridir.
Manbalarda keltirilishicha, Chingizxon 1227 yilda navbatdagi harbiy yurishida Tangut qirolligi poytaxti Chjunsin (Xitoyning hozirgi Inchuan shahri)ni qamal qilgan vaqtda vafot etadi.

Hukmdorning o‘limi sababi aniqlanmagan.
Rivoyatlarga qaraganda, uning qabriga behisob boylik ko‘milgan: qimmatbaxo toshlar, tilla tangalar, noyob idish-tovoqlar, qimmat qurollar... Bularning barchasi hozirda bir necha milliard dollarga baholanadi.
Afsuski, xazina qidiruvchilarning baxtiga qarshi Chingizxon maxfiy ravishda ovloq joyga ko‘milgan va uning qabriga hech qanday belgi qo‘yilmagan. Hozirda o‘sha bebaho qabr qayerdaligi xususida bahs ketmoqda. Olimlarning biri uni Oltoyning Ridder tekisligidagi o‘rmonlardan qidirish kerak, desa, boshqalari Chingizxon tug‘ilgan joyiga dafn qilingan, degan rivoyatlarga ishonadi. Uning tug‘ilgan joyi Mo‘g‘ulostondagi Burxon - Xoldun tepaliklari etagidadir.
Mo‘g‘ullar uchun muqaddas hisoblangan bu joy ehtimol Chingizxon dafn etilgan va tug‘ilgan joy sifatida yaqinda YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.
Tarixiy ma’lumotlarda qayd etilishicha, Chingizxon vasiyatiga ko‘ra, u qayergadir ko‘milib, qo‘shin otlari oyog‘i ostida toptalib tashlangan. Yana bir rivoyatda daryo suvi bug‘ilib, tubiga ko‘milgan va suv yana ochib yuborilgan. Chingizxon, aftidan, o‘limidan keyin ruhini bezovta qilishlarni istamagan.

Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.