Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Chorvadorlarga subsidiya beriladi

Prezidentimizning 2019 yil 18 martda “Chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga mazkur yer uchastkalarida sug‘orish tik quduqlarini burg‘ulashga har bir metr chuqurligi uchun 100 ming so‘mdan subsidiya beriladi. Joriy yilgi subsidiya xarajatlari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘laridan fermer, dehqon xo‘jaliklari  va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali beriladi. 2020 yildan esa davlat byudjeti va xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlarning kredit (qarz)lari va grantlari hisobidan amalga oshiriladi.    

Fuqarolarga ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun har bir shartli bosh chorva mol uchun 0,5 gektardan tuman hokimliklari zaxirasidagi lalmi va yaylov yerlarni 2 yil muddatda daromad manbaiga aylantirish sharti bilan doimiy yoki uzoq muddatli ijaraga beriladi. Fuqarolarga lalmi va yaylov maydonlarida tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish hamda naslli chorva mollari sotib olish uchun “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilar tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari va ularning butlovchi qismlarini olib kirilishida 2022 yil 1 yanvargacha bojxona to‘lovlari to‘lashdan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvidan tashqari) ozod etildi.

“OʻZNASLCHILIK” davlat korxonasi tomonidan eksperiment tariqasida 2019 yilda Qashqadaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi barcha toifa xo‘jaliklarda naslchilik, shu jumladan, sun’iy urug‘lantirish va servis xizmatlari ko‘rsatish tashkil etildi. 

Asalarichilar asalari oilalarini “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimida qo‘shni mamlakatlarga bahor-yoz mavsumida ko‘chirib chiqarishga ruxsat berildi va yig‘ib olgan tabiiy asalni mamlakatga olib kirishda bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etildi. Bunda imtiyoz bitta asalari oilasi bo‘yicha olib kirilayotgan tabiiy asalning 50 kilogrammdan oshmagan qismiga nisbatan qo‘llaniladi.

Shuningdek, qarorga asosan 2019 yil 1 apreldan boshlab bir kunlik jo‘jani eksport qilishga ruxsat etildi.