Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sitrus g‘ovaklovchi kuya. Bu nima o‘zi va u o‘simliklarga qanday zarar yetkazadi?

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 30 foiz, rivojlanmagan mamlakatlarda esa 50 foizdan ortiq qishloq xo‘jalik mahsuloti turli zararkunandalar tufayli nobud bo‘ladi.

Sitrus g‘ovaklovchi kuya agrar sohaga eng ko‘p ziyon yetkazuvchi ana shunday zararkunandalardan hisoblanib, Markaziy va Janubiy Amerika, Janubiy Afrika, Yevropada va Osiyoning Turkmaniston, Afg‘oniston, Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya hududlarida keng tarqalgan.

Respublikamiz hududida 1981 yilda aniqlangan bu hasharot hozirda chegaralangan holda tarqalgan ichki karantin zararkunanda hisoblanadi.

Hozirda respublikamizning jami 13 ming 277 gektar maydoniga tarqalgan. Bu zararkunanda asosan sitrus mevalar – apelsin, mandarin, limon va boshqa turdagi issiqxonalarda yetishtiriladigan o‘simliklarga zarar yetkazadi.

Sitrus g‘ovaklovchi kuyaning ko‘payish manbai asosan issiqxona xo‘jaliklari hisoblangani bois kurashni, eng avvalo, shu yerdan boshlash zarur. Issiqxona va ochiq maydonlarda sitrus ko‘chatlarni ekishda o‘simliklar orasida havo oqimini ta’minlab, ularning siyrakligiga e’tibor berilsa, hasharot tarqalishining oldi olinadi.

Sitrus g‘ovaklovchi kuyaning tuxumini yo‘qotish maqsadida har gektar hisobiga 50-60 ming donadan trixogramma 5-7 kun oralatib, 3 marta tarqatiladi. Trixogramma bir-ikki marotaba qo‘llanganda samaradorligi atigi 5-10 kungacha davom etadi. Gektariga 60+80+60 ming hisobida uch marta tarqatilganda yaxshi samaraga erishiladi. Sitrus g‘ovaklovchi kuyaga qarshi eng samarali kimyoviy insektotsidlar sifatida gektariga 0,5 litr vertemik vositasini qo‘llash mumkin. U to‘qima ichiga singish xususiyatiga ega. Yana neonikotinoidlar sinfiga oid konfidor gektariga 0,3 litr va mospilan gektariga 0,3 kilogramm insektotsidlar ham yaxshi samara beradi.

Akram FOZILOV,

viloyat o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi matbuot xizmati rahbari.