Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“D-Luxe jalyuzi” nima degani?

“Davlat tili haqida”gi qonunning 20-moddasida “Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin”, deb qayd etilgan.

Agar ko‘chalar yonidagi do‘konlarni misol qilib olsak, uning peshtoqida qanday yozuv bo‘lmasin, u birinchi navbatda, davlat tilida bo‘lishi kerak.  Agar do‘kon egasi zarur deb hisoblasa, yozuv boshqa tilda ham berilishi  mumkin. Faraz qiling, do‘kon peshtoqidagi yozuv davlat tilida emas. Demak, qonun talabi buzilgan. Qonunning ijro etilmasligi esa tegishli chora ko‘rilishini taqozo etadi, chora esa aniq qilib belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasida  fuqarolarning davlat tilini mensimaslik bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Afsuski, bu chora qo‘llanilmayapti. Nega? Balki til haqidagi qonun to‘liq bajarilayotgandir. Koshki shunday bo‘lsa. Aks holda viloyat hokimi imzosi bilan barcha xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga “Davlat tili haqida”gi hamda “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlarga rioya qilish bo‘yicha ogohlantirish xati yuborilmagan bo‘lardi. Shu yil 8 avgustda imzolangan mazkur hujjatning ijrosini o‘rganish bo‘yicha ayrim korxona va tashkilotlarda bo‘lganimizda ularga bu xat hatto yetib bormaganiga guvoh bo‘ldik.

Samarqand shahar Beruniy ko‘chasidagi savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari egalariga xatda ko‘rsatilgan topshiriq tanishtirilganda, ularning “Davlat tili haqida”gi qonun bo‘yicha yetarli tushunchaga ega emasligi ma’lum bo‘ldi.

To‘g‘ri, bino peshtoqidagi yozuvlarning aksariyati egasi tomonidan yozilmaydi, reklama va dizayn bilan shug‘ullanuvchi korxonalar tomonidan  tayyorlanadi. Tadbirkorlarning peshlavhalar yozuvida til qonuni amal qilishini mazkur korxonalardan talab etish kerakligi haqidagi e’tirozi ham o‘rinli. Shu maqsadda reklama mahsulotlari ishlab chiqaradiganlar bilan davra suhbati uyushtirish uchun yig‘ilishga taklif etganimizda  ularning o‘ndan biri – yigirmaga yaqin korxona vakillari ishtirok etdi. Tag‘in bu sohada faoliyat yuritadigan xodimlarning aksariyati boshqa millatga mansub bo‘lib, davlat tilini yetarli darajada bilmasliklari oydinlashdi.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda shahar yo‘lovchi tashish avtobuslarining  old oynasida manzillarning eski nomi yozilgan lavhalarni olib tashlash jarayoni aks etgan holat e’lon qilindi. Darhaqiqat, "Povorot", "Selxoz", "Mikrorayon", "Ovoщnoy" deya ataluvchi eski nomlar hamon aholi tilida aytiladi. Lekin peshlavhalarda ulardan foydalanish noto‘g‘ri. Bu yozuvlarning imloviy xatolar bilan qayd etilgani yanada achinarli. Bu joylarning endilikda yangi nomlari bor. Agar ular yozilsa, ko‘nikish oson bo‘lib boradi. Masalan, "Povorot" hozirgi Bog‘isaroy mahallasi hududida bo‘lib, shu joydagi bekatga mahalla nomi berilsa, odamlar shu nomni aytishga o‘rganadi va kelgusida xalq tiliga ko‘chadi.

Umuman, bekatlarga ular joylashgan mahalla nomi berilganda, bekat orqali mahallani topish ham osonlashadi. Chunki ayrim bekatlarda ularning nomlanishi yozilmagan. Masalan, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi "Aloqabank" Samarqand filiali binosi yonidagi bekat peshtoqiga “D-Luxe jalyuzi” deb yozib qo‘yilgan. Bu nima degani? Nega bekat peshtoqiga yozilgan? Agar bu yozuv biror korxonaga tegishli bo‘lsa, manzili yozilishi kerak emasmi?

Biz qabul qilingan har qanday qonun talabini bajarishga majburmiz. Qanday yozuv bo‘lmasin (brenddan tashqari) barchasi oldin davlat tilida, keyin esa boshqa tilda yozilishi maqsadga muvofiq. Chunki har qanday inson, avvalo, o‘z ona tilini hurmat qilishi, uning sofligini ta’minlashi kerak.

Xurshid NURULLAYeV,

Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand shahar bo‘limi rahbari.