Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dam olish kunlari sayohatga chiqdingizmi?

Mustaqillik bayrami munosabati bilan berilgan to‘rt kunlik dam olish kunini ko‘pchilik sayohat qilish bilan o‘tkazyapti. Biz Samarqandning diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, sayohatga kelgan kishilar bilan suhbatlashdik, ularning kayfiyati va taassurotlari bilan qiziqdik.

— Samarqand shahrini tomosha qilish uchun Jizzax viloyatining Zomin tumanidan keldik, - deydi 62 yoshli Sayyora Komilova. — Qirq yil o‘qituvchilik qildim. Lekin shu vaqt ichida biror marotaba bemalol bo‘lib sayohatga chiqmagan ekanman. Ilgari qanday edi, bayramlarda bir kun, ko‘pi bilan ikki kun dam berilardi. Bu oraliqda boshqa viloyatga tugul, o‘zimizning Jizzaxga ham chiqa olmasdik. Prezidentimizga rahmat, xalqni o‘ylab, dam olish kunlarini uzaytirdi, ichki turizm uchun ham zo‘r sharoitlar yaratildi. Mana, dam olish kunlarini farzandlarim, kelinlarim va nevaralarim bag‘rida, ertaklar shahri - Samarqandda o‘tkazyapmiz.

Bayram kunlari nafaqat aholi, balki turli tashkilotlarning jamoalari ham respublikamiz bo‘ylab sayohat qilishayotgani e’tiborga molik. Amir Temur maqbarasida bo‘lganimizda “Aloqabank” AT bankining Surxondaryo viloyati filiali xodimlarini uchratdik.

— Samarqandga 2015 yilda ham kelgan edik, - deydi bank xodimi Farrux Qodirov. — Oradan 7 yil o‘tdi, lekin bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlarini ko‘rib, hayratda qoldik. Ayniqsa, Samarqand shahrining qiyofasi o‘zgaribdi. Zamonaviylik va milliylikni o‘zida mujassam etgan bu maskanda sayyohlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jamoamiz bilan viloyatdagi barcha qadamjolarni ziyorat qilishni maqsad qilganmiz.

Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Dilmurod Xushvaqtovning aytishicha, boshqarma tashabbusi bilan dam olish kunlarida viloyatdagi joylashtirish, ovqatlantirish vositalari, moddiy madaniy meros va turizm ob’yektlarida mahalliy sayyohlar uchun 20 foizdan 50 foizgacha ixtiyoriy chegirma berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, Prezidentimizning tegishli qarori bilan mahalliy turistlar uchun “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida respublika bo‘ylab ichki sayohatlarni amalga oshirish xarajatlarining bir qismini qaytarish (“Cashback”) tartibi ham amal qiladi. Ya’ni, sayyohlar maxsus elektron platforma yoki mobil ilova orqali avia, temir yo‘l va avtomobil transportidan, joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalanish hamda madaniyat tashkilotlariga tashrif buyurish xarajatlarining bir qismini qaytarib olishlari mumkin.

— Maxsus chegirma va aksiyalar samarasi o‘laroq, Samarqandga kelayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlar soni ortib bormoqda, - deydi D.Xushvaqtov. — Masalan, joriy yil viloyatimizga 3 million nafar mahalliy turist va 150 ming nafar xorijiy turist kelishi rejalashtirilgan bo‘lsa, shu kungacha xorijdan kelgan sayyohlar soni 250 ming nafarga, mahalliylarniki esa 2 millionga yaqinlashdi. Aytish joizki, O‘zbekiston fuqarolari asosan ziyorat turizmiga, chetdan kelganlar esa etnoturizmga qiziqish bildirmoqda. Joriy yil viloyatimizda plyaj turizmiga bo‘lgan talab ham keskin ortdi.

Asqar Barotov.