Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Damariq» bozorining egasi kim?

Qog‘ozlarda bozor bor, ammo savdo qiladigan maydoni yo‘q. Shunaqasi ham bo‘ladimi, balki bu chet elda yoki kelajakdagi innovatsion loyihalardir deyish mumkin. Afsuski unday emas, gap Samarqand shahridagi “Damariq” dehqon bozori haqida bormoqda.

Tahririyatimizga “Damariq” dehqon bozori mas’uliyati cheklangan jamiyati nazoratchisi Alisher Fayzullayev 2015 yilda faoliyat yuritib turgan bozor auksion savdosiga chiqarilib o‘sha paytda shahar markazidagi 60 sotix yer maydoni va tayyor bino sotilib ketgani ortidan bozorda doimiy nizolar boshlanganini ma’lum qildi. Murojaatni o‘rganish uchun “Damariq” dehqon bozorida bo‘ldik.

-  Bu yaqinda tashkil qilingan bozor emas, ancha yildan buyon ishlab keladi, ammo faoliyat yuritib kelgan va byudjet tushumlari, soliqlar to‘lab kelinayotgan bozor auksionda sotilgan, - deydi Alisher Fayzullayev. – Biroq bozor qog‘ozda boru amalda faoliyat yuritish uchun belgilangan yer maydoni yo‘q. Shuning uchun nima qilishga ham hayronmiz. Yuqori turuvchi rahbarlarimiz bozorni tugatish to‘g‘risida qaror ham chiqarishmagan. Murojaat qilmagan tashkilot qolmayapti, hamma o‘zini befarq tutadi. Lekin hech kim davlat ulushi bor bozor qanday qilib auksion savdosiga chiqarilgani bilan qiziqmadi. Byudjet tushumlarini to‘ldirish uchun qulay maskan bozor hisoblanadi. Biz ham oyiga o‘rtacha 40 million, mavsumda 60 million so‘mgacha tushum topshirganmiz. Shunday katta binoni yer maydoni bilan 379 million so‘mga sotgandan ko‘ra oylik to‘lovlarni byudjetga topshirgan afzal emasmidi?

Ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa, bu bozor yaqin yillargacha boshqa manzilda faoliyat yuritgan. Xo‘sh, bozor nega bu manzilga va qachon ko‘chirilgan, bozor nega auksionga qo‘yilgan?

-  Bozor bu yerga 2007 yilda ko‘chib kelgan, 2008 yildan bozor ustaviga ko‘ra A.Hamroyev 49 foiz ulush, ya’ni ishlab chiqarish binosi bilan kirgan, 51 foiz davlat ulushi bo‘lgan, - deydi “Damariq” dehqon bozori MChJ direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Abdug‘ani Xoldorov. - Bozor joylashgan bino A.Hamroyevning mulki sifatida baholanib, 2012 yilda davlat foydasiga musodara qilingan. Aslida esa bu A.Hamroyevning bozor tasarrufiga o‘tkazilgan ulushi edi. Keyin bozorning mulki hisoblangan bino noqonuniy tartibda sotilgan. Investorlar o‘sha paytda 370 million so‘mga sotib olgan. Agar qonuniy tomondan qaraydigan bo‘lsak, bu investorlar bozorga ta’sischi bo‘lib kirishi kerak edi. Chunki auksionda bozorning 49 foiz ulushi savdoga chiqarilgan va yer maydonisiz faqat bino ko‘rsatilgan, ammo ular buni xohlamasdan sudga berib, bozorga tegishli yer maydonini biriktirib berish to‘g‘risida qaror chiqarilgan. O‘shandan buyon ikki tomon bir birini sudga berib kelmoqda. Bozorning yeridan bizni majburiy tartibda chiqarishgan, endi qonuniy faoliyat yuritayotgan bozorning yer maydoni yo‘q, lekin hujjatlarda bozor bor.  Bu harakatlar bilan byudjetga tushum bo‘lmayapti. Shunday bo‘lsa-da yer soliqlarini biz to‘laymiz.

Shu bozorda ko‘p yillardan buyon savdo qiluvchi sotuvchilarning aksariyati bozorga mehnati singgani va o‘z mablag‘lari hisobidan ta’mirlash o‘tkazishganini bildirdi. Endi esa bozor xususiy sektorga o‘tgani va uning kelajagidan tashvishlanishmoqda.

-  2007 yilda bozor bu yerga ko‘chgan paytda shu yerda savdo qiluvchilar pul jamg‘arib rastalarni qurganmiz, - deydi bozorda 20 yildan ortiq sotuvchilik qilgan tadbirkor Sanobar Abdurahmonova. - Ammo bir necha yil oldin bu yerni sotib olganlar bozor sotildi, deb buzishni boshlashdi. O‘shanda bozorni buzmanglar, buni o‘z kuchimiz bilan qurganmiz, biz ishlashimiz kerak, dedik - foydasi bo‘lmadi. So‘ngra Samarqand shahar, viloyat hokimligi, bozorlar uyushmasiga murojaat qildik. Ularning javoblarida bozor buzilayotgani yo‘q, aksincha zamonaviy holda ta’mirlanyapti degan mazmunda javob berildi. Bozorda kasalmand odamlar bor, pensiyasi yetmaganidan savdoga chiqayotganlar bor, juda ko‘p odam shu bozorni ortidan oila tebratyapti, agar bozor bu yerdan ketsa, shuncha odamning tirikchiligi nima bo‘ladi? Ming afsuski, ular bozor bizning shaxsiy mulkimiz, istasak uy qilamiz deb turib olgan. Aslida ular bozorning 49 foiz ulushini sotib olgan, 51 foiz davlat ulushi saqlangandi. Ammo hokimlikning 51 foizlik davlat ulushi qayerga ketdi, buni hech kim bilmaydi.

Mavsumda bu yerda 4 mingtagacha sotuvchi keladi, xususiy tadbirkor esa buncha odamga ish o‘rni yaratib berolmaydi. Shuning uchun bozor yana avvalgiday davlat tasarrufidagi “Damariq” dehqon bozori bo‘lib qolishini, davlat nazoratida bo‘lishini istaymiz.

Tadbirkorlar esa bozor uzoq vaqt auksionda turgani, qonuniy tarzda xarid qilingani, ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida sotib olingan binoda hokim qarori asosida eko bozor tashkil etilganini bildirdi. 

- “Damariq” dehqon bozori xalq tilida mikrarayon deb yuritiladigan joyda bo‘lgan, - deydi “Ideal market uz” oilaviy korxona rahbari Hamid Himmatov. - 2007 yilda u joyda ko‘p qavatli uy-joy qurilishi uchun bozor A.Hamroyevga qarashli binoga ko‘chirilgan. Ya’ni, A.Hamroyev 49 foiz ulush olish uchun o‘ziga tegishli bino bilan, hokimlik esa 95 million 500 ming so‘m ulushi bilan kirgan. Lekin arxivlarda bu pul o‘tkazmalari to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.

2012 yilda A.Hamroyevning daromadlari jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan deb topilib, unga tegishli mol-mulklar davlat foydasiga musodara qilingach, sud qaroriga asosan bozordagi 49 foiz ulushi bekor qilinib, bino ochiq auksionga qo‘yilgan. 3 yil davomida auksionda turgandan keyin 2015 yilda “Ziroat invest” fermer xo‘jaligi 370 million so‘mga 100 foiz ulushni sotib olgan. Bizning aybimiz 3 yil auksionda turgan binoni sotib olganimizmi? Nimadir noto‘g‘ri bo‘lsa, o‘sha 3 yil mobaynida mutaxassislar ko‘rishmasmidi? Keyinchalik 50 foizini “Ideal plast” korxonasiga sotgan. Hozir bino teng miqdorda uchta korxonaga tegishli.

Prezidentning 2017 yil 27 martdagi “2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Shu qarordan so‘ng Samarqand shahar hokimi bozorni rekonstuksiya qilinglar, o‘zlaring eko savdo majmuasi sifatida ishlaysizlar, dedi. Shundan so‘ng 5 milliard so‘mga yaqin kredit evaziga rekonstruksiya qilindi. Shundan so‘ng 2015 yildan 2020 yilgacha “Damariq” dehqon bozori faoliyat yuritdi, ijara shartnoma qilinglar desak, ular “bino seniki, yer davlatniki” deb ijara shartnomasiz ishlatishdi. Bu orada Samarqand shahar hokimligi mas’ullari binodan samarali foydalanilmagan deb topib, soliqlarni bir necha barobar oshirish to‘g‘risida ogohlantirishdi va binoni 49 foiz ulush bilan hokimlik balansiga o‘tkazasan, bozor rahbari sifatida ishlaysan, deyishdi. Axir biz to‘liq ulushni sotib olgan bo‘lsak, qanday qilib yana 49 foizni hokimlik balansiga o‘tkazamiz. Qolaversa, bozorning ish haqi, kommunal to‘lovlar, soliqlardan juda katta miqdorda qarzdorligi mavjud.

Shundan so‘ng ish sudga o‘tdi. Samarqand shahar iqtisodiy sudining 2020 yil 22 yuldagi qarori bilan 2 oy davomida bozorni ishlatdik. Bozor ma’muriyatining appelyasiya shikoyati asosida 2020 yil oktyabr oyidan yana kunlik patta pullarini yig‘ib boshladi. Viloyat va shahar iqtisodiy sudlari ishni ko‘rib, bizning foydamizga qaror chiqarishdi. Viloyat hokimi ham mas’ullar bilan bu ishni ko‘rib chiqib mulk huquqi daxlsiz, bozorni boshqa fuqaroning tayyor binosiga ko‘chirish noto‘g‘ri bo‘lganligini bildirdi. Biz bu binoni olayotganimizda ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanish istagida edik. Lekin Prezidentimizning 2017 yil 27 martdagi qarori bilan ta’mirlash va eko savdo majmuasi qilish to‘g‘risida Samarqand shahar hokimining qaror asosida bozor faoliyati o‘zgartirildi. Uch yil davomida bozor shartnoma ham tuzmadi, binodan ham chiqmadi. Agar ularda bundan yaxshiroq sharoiti bor joy topishsa, marhamat sotuvchilarni majburlab olib qolmaymiz, xohishi borlar qolsin, ishlasin, ruxsat berilsa, o‘zimiz ishlataylik, rivojlantiraylik. Lekin bu mojaroga tezroq yechim topaylik. Shu g‘avg‘olar tufayli kunda-kunora bir tekshiruvchi yoki biror tashkilotga chaqiruv bor, tadbirkorlikdan ham hafsalamiz pir bo‘layapti.

 Bu masalaga oydinlik kiritish uchun bir necha mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilib, aytarli javob ololmadik. Viloyat bozorlar uyushmasiga qilgan murojaatimizga 50 kunda ham javob berilmadi.

O‘rganishlarda tomonlar bozorning tushumlari kamayganligini bildirishdi. Agar shunday bo‘lsa, taftish, tekshirishlar o‘tkazish, yangi yechimlar topish orqali tushumlar rejasini oshirish mumkin emasmidi? Yoki bozorni auksionga chiqarish rejasi ma’qullangan taqdirda bu yerda faoliyat yuritayotgan bozor faoliyatini boshqa joyda tashkil etish orqali tadbirkorning ishlab chiqarish faoliyatini kafolatlash lozim emasmidi?

Nima bo‘lganda ham mas’ullardan bu masalaga tezroq ijobiy yechim topishiga umid qilamiz.

O‘ktam Xudoyberdiyev,

“Zarafshon” gazetasi va zarnews.uz muxbiri.