Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Daraxt ek! Hayotingni yashnat!”

Biz, Samarqand shahrini 2019 – 2022 yillarda jadal rivojlantirish maqsadida shahar hududida tashkil etilgan 11 ta okrug rahbarlari, mahallalarning raislari va bir guruh olimlarning 2019 yilning kuzida “Hayotingni yashnat!” ─ “Ozeleni svoyu jizn!” shiori ostida ommaviy daraxt ekish aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, Samarqand ahliga murojaat qilmoqchimiz.

Aksiya Samarqand shahrining ko‘cha va xiyobonlarida manzarali va mevali daraxtlarni ommaviy ekish, ularni parvarish qilish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan.

Aziz Samarqandliklar! Qadimiy shahrimiz azal-azaldan «Samarqand ─ yer yuzining sayqali» nomi bilan mashhur bo‘lgan. Samarqandning dovrug‘ini olamga yoygan Sohibqiron Amir Temur bobomiz ham Samarqand va uning atrofida 12 ta mashhur bog‘lar yaratganligi ma’lum. «Bog‘ibaland»ning anjirzorlari bugungi kunda ham o‘z tarovatini yo‘qotmaganligini alohida e’tirof etishimiz kerak.

Afsuski, so‘nggi yillarda shahar ko‘chalarini kengaytirish va turli qurilish ishlari, bu borada o‘zboshimchaliklar sabab bo‘lib, Samarqandning juda ko‘p qadim chinorlari, sersoya qayrag‘ochlari, azim tutlari kesildi. Yaqindagina qurilgan muhtasham mehmonxonalar katta ko‘chadan ko‘rinib turishi uchungina azim chinor va tut daraxtlari kesildi. Bunday ishlar xalqimizning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Ayni paytda shahrimiz ko‘chalarining kengayishi, shaharda ko‘pdan-ko‘p yangi inshootlar qurilishi davom etar ekan, qayerdadir yana daraxtlar kesilishiga to‘g‘ri keladi. Har bir daraxtni asrab qolishdan tashqari, kesilgan har bir daraxt o‘rniga kamida o‘nta daraxt ekmas ekanmiz, shahrimizning latofati, tarovati, ko‘rkamligini saqlab qola olmaymiz.

Aksiya shu kunlarda boshlanib, uning dastlabki bosqichi joriy yilning 10 noyabridan 10 dekabrigacha daraxtlar ekilib, parvarish qilish va ardoqlab saqlashga qaratilishi bilan yakunlanishi kerak.

Aksiya uchun Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi bankda maxsus hisob raqami ochdi:

 STIR kodi:204858743. Hisob varag‘i: 400122860184017950100110009

Yagona G‘aznachilik hisob varaqlari: 23402000300100001010

Bank nomi: Markaziy bank Toshkent shahar Bosh boshqarmasi HKKM MFO: 00014

G‘aznachilik bo‘linmasi INN raqami: 201122919

Aksiyada ishtirok etishni istagan har bir yurtdoshimiz, shuningdek, xorijda yashayotgan, ishlayotganlar, hatto xorijiy fuqarolar ham ana shu hisob raqamiga ixtiyoriy tarzda pul o‘tkazishlari, shuningdek, bog‘bonlik bilan shug‘ullanadigan kishilar o‘zlari o‘stirgan daraxt ko‘chatlarini obodonchilik boshqarmasiga beg‘araz olib kelib berishlari mumkin.

Aksiya davomida to‘plangan mablag‘lar olimlar guruhi nazoratida bo‘lib, sifatli daraxt ko‘chatlari sotib olinadi va qat’iy reja asosida ekiladi.

«Hayotingni yashnat!» ─ «Ozeleni svoyu jizn!» aksiyasida faol ishtirok etganlar, qilingan ishlar, daraxtlar parvarishi Samarqand viloyat televideniyesi va barcha ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilib boriladi.

Aziz hamshaharlar! «Hayotingni yashnat!» ─ «Ozeleni svoyu jizn!» daraxt ekish aksiyasida faol ishtirok eting va jonajon shahrimizning qadim shuhratini tiklash ishiga o‘z hissangizni qo‘shing!

Ushbu tadbir orqali buyuk Amir Temur bobomizning mashhur bog‘lari tiklanishiga erishamiz.

Daraxt ek! «Hayotingni yashnat!» ─ «Ozeleni svoyu jizn!»

H.Normurodov, «Nuroniy» jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi;

B.Nasriyev, «Mahalla» xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati bo‘limi raisi;

X.O‘sarov, Viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i v.b.

S.Orzuqulov, viloyat hokimligi Injiniring kompaniyasi direktori;        

R.Xolmurodov, Samarqand davlat universiteti rektori;   

F.Toshev, O‘zbekiston Jurnalistlari  ijodiy uyushmasi viloyati bo‘limi boshlig‘i;

A.Aslonov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat  kengashi raisi;

Z.Eshonqulov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakili;

G.Alimova, viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar ko‘mitasi raisi;

I.Xalilov, «Stekloplastik» MChJ direktori;

R.Sattorov, viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i.