Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Daraxt kesish takror sodir etilsa, 15 sutkagacha qamoq belgilanishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama etildi.

Qonun loyihasi bilan daraxt va butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yo‘q qilganlik yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tqazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish belgilanmoqda.

Bundan tashqari, daraxt va butalarni qimmatbaho navlarini kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yo‘q qilinishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan qurilish loyiha hujjatlarini tayyorlaganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Xususan, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha (amalda 5-10 baravar), mansabdorlar uchun 20 baravarigacha (amalda 10-15 baravar) miqdorda jarima solish belgilanmoqda. Agar bir yil davomida takror sodir etilsa, jarimalar yanada oshirilmoqda. Hatto 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish choralari belgilanmoqda.

Muhokamalar jarayonida fraksiya a’zolari partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqib, qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan tegishli taklif va mulohazalar bildirdi va uni qo‘llab-quvvatladi.

Shundan so‘ng «Probatsiya to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar muhokamasida bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasida probatsiya tizimining umumiy qoidalari, probatsiya xizmati faoliyatini tashkil etish, probatsiya nazoratidagi shaxslarning huquqiy holati, probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvorini baholash mezonlari, probatsiyaning ijtimoiy moslashtirish tarzidagi shaklini qo‘llash, probatsiya sohasidagi munosabatlar bilan bog‘liq masalalarni tartibga solish ko‘zda tutilyapti.

Mazkur qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.
Yakunda fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

M.KOMILOVA, O‘zA.