Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Biz faqat daraxt kesishning oqibati bilan kurashyapmiz...

Nima uchun bugun daraxt ekish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi va nima sababdan daraxt kesish jinoyatga tenglashtirilmoqda? Agar tabiatga munosib munosabatda bo‘linmasa va daraxtlar kamayishda davom etsa, kelajagimiz nima bo‘ladi? Havoda zaharli moddalarning ortishi, aholi o‘rtasida kasalliklar, erta o‘lim holatlarining ko‘payishi bu bilan o‘zaro bog‘liq emasmi? Shu kabi savollarga javob izlaymiz.

Bundan 64 yil oldin Xitoyda bug‘doy hosilini asrash maqsadida chumchuqlarga qarshi ayovsiz kurash boshlangan edi. O‘shanda birgina 1958 yilning bahorida butun Xitoy bo‘ylab qariyb 2 milliard dona chumchuq ovlangani haqida ma’lumotlar bor. Oxiri o‘ylanmay qilingan bu ish tabiatdagi muvozanatni buzdi, oqibatda Xitoy dalalari hashoratlarga to‘lib, hosil avvalgi yilgiga qaraganda bir necha barobarga kamaydi va ocharchilik boshlandi. Hukumat xatosini yillar davomida to‘g‘rilay olmadi. Faqat boshqa davlatlardan chumchuqlar keltirilib, dalalarga qo‘yib yuborilganidan so‘ng vaziyat asta-sekin o‘nglandi.

Bugun qaysidir ma’noda, biz ham tabiatga yetkazayotgan zararlarimiz oqibati bilan kurashyapmiz. Farqi shundaki, biz qushlarni qirmadik, balki daraxtlarga qiron keltirib, butun boshli florani qaqshatdik.

To‘g‘ri, oxirgi yillarda daraxtlarni kesishga moratoriy e’lon qilindi, bu yo‘nalishdagi qonunbuzarlik uchun jazo choralari og‘irlashtirilishi ortidan daraxt kesish holatlari bir muncha kamaydi. Yashil makon umummilliy loyihasi ham tabiatdagi muvozanatning tiklanishiga umid bag‘ishlamoqda. Ammo barcha sa’y-harakatlarga qaramay, daraxtlar kesilishi to‘xtagani yo‘q. O‘rtaga pul kirganda, daraxtlarni kesish uchun ming bir bahona o‘ylab topilmoqda. Tabiatga bunday tajovuzkorona munosabatning oxiri nima bilan yakunlanadi, shuni ham o‘ylab ko‘rdikmi?

Bu masalada birinchi marotaba gapirilmayapti, biz ham eski gaplarni qaytarish fikridan yiroqmiz. Keling, yaxshisi mutaxassislarning o‘zidan so‘rab ko‘ramiz: daraxtlarsiz hayot qanday bo‘ladi?

Kesilgan bir daraxtning o‘rnini 15 yilda ham to‘ldira olmaymiz

Xislat Haydarov,

Samarqand davlat universiteti botanika kafedrasi mudiri, professor:

— Bugun viloyatimizdagi ekologik vaziyatni yaxshi deb bo‘lmaydi. Samarqand shahri havosining ifloslanganligi bo‘yicha Toshkentdan keyingi o‘rinda turishi ham mumkin. Bunga ishora qiluvchi juda ko‘p omillar bor. Transport vositalari, ishlab chiqarish korxonalari, umuman, aholi sonining ko‘payishi shular jumlasidan. Achinarlisi shuki, bizda ekologiyani zararlovchi omillar ko‘payishi barobarida havoni tozalashga xizmat qiluvchi daraxtlar soni kamayib bormoqda. Daraxtlar tabiatning o‘pkasi hisoblanadi. Ularsiz yetarlicha kislorod, kislorodsiz esa hayot bo‘lmaydi.

Shu kunlarda butun respublika bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyixasi asosida ko‘chat ekish tadbirlari olib borilyapti. Bu uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan muhim loyiha. Lekin ko‘chat ekish ishning eng oson qismi, asosiy masala ularni parvarishlab, voyaga yetkazishda. Qolaversa, har bir ko‘chat o‘ziga mos muhitni va parvarishni talab qiladi.

Masalan, lola va magnoliya daraxtlarini ko‘cha bo‘yiga ekish noto‘g‘ri. Ular og‘ir zaharli gazlar, xususan, avtomobillardan chiqadigan chiqindi gazlari bilan ifloslangan joylarda yaxshi rivojlanmaydi. Shu sababli bu ko‘chatlarni bog‘larning ichiga ekish maqsadga muvofiq. Ko‘cha va magistral yo‘llar yoqasiga katalpa, yapon saforasi, akatsiya, eman, chinor va aylant ekish maqsadga muvofiq. Bu daraxtlar yirik bargli bo‘lib, zaharli gazlarni yaxshi tutib qoladi, shuningdek, o‘zlari suvsizlikka chidamli bo‘lgan holda atrofga soya-salqinlik ulashib turadi.

Shaharning bir necha joyida oq qayin ekilganiga guvoh bo‘ldim. Bu daraxtlarni aholi yashash joylari va jamoat joylariga ekib bo‘lmaydi. U allergik kasalligi bor insonlarga yomon ta’sir qilishi mumkin. Xuddi shunday, tol va terakning changchil tuplari o‘zidan ko‘p gul changini chiqaradi. Ular ham aholi punktlaridan chetroq joylarda, xususan, katta ariq yoki kanal bo‘ylariga ekilsa, o‘ziga xos manzara hosil qiladi.

Yana bir gap. Ko‘chat ekish yoshi katta daraxtlarni kesish uchun bahona bo‘lmasligi kerak. Bitta ko‘chatning ulg‘ayib, havoni maksimal darajada tozalashga kirishishi uchun o‘rtacha 15-20 yil vaqt kerak bo‘ladi. Demak, ko‘chat ekyapmiz-ku, deb, 50, 100 va undan katta yoshli daraxtlarning bahridan o‘tish noto‘g‘ri yondashuv. Agar shu taqlidda davom etilsa, keyingi 15 yil nima bilan nafas olamiz, zahar bilanmi? Masalaning shu jihatlarini ham o‘ylab ko‘rish kerak.

Daraxtlar aholi sonidan kam

San’atjon Sayidov,

Kattaqo‘rg‘on tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i:

— Prezidentimiz shu masaladagi yig‘ilishda mamlakatimizda yashillik 30 foizdan 8 foizga kamayganini ta’kidlab o‘tgan edi. Raqam ko‘rinishida bu ko‘p narsani anglatmas, lekin amalda vaziyat juda yomon. Ikki yildan buyon davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasining asosiy maqsadi ham ayni xatoni to‘g‘rilash, tabiatga yetkazilgan zararni qoplashga qaratilgan.

Holatni birgina Kattaqo‘rg‘on tumani misolida tahlil qilsak, hozir bu yerda istiqomat qiluvchi 285 ming nafar aholidan daraxtlar soni kam. Tegishli dasturlar asosida hududga ekilishi belgilangan daraxt ko‘chatlari ham aholi boshiga bittadan to‘g‘ri kelmaydi. Daraxt kesish holatlari hamon davom etayotganini inobatga olsak, tabiatdagi bo‘shliq yaqin yillarda to‘ldirilmasligini tushunib yetish mumkin. Bu barchani tashvishga solishi lozim.

Aytish joizki, o‘tgan davrda viloyatimizda igna bargli daraxtlarni ekish avjiga chiqdi. Lekin bu amaliyot o‘zini oqlamadi. Sababi, archalar kasallanishga moyil bo‘lib, ko‘p suv talab qiladi. Va aksincha, o‘zi deyarli salqinlik bermaydi. Oqibatda ularning ko‘pi suvsizlik yoki kasallik oqibatida qurib qoldi. Biz bugun ularning joyiga ota-bobolarimiz ekkan, iqlimimizga mos va chidamli daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish harakatidamiz.

Albatta, daraxtlar tiriklik manbai hisoblanadi. Lekin ular faqatgina havoni tozalovchi vosita emas, balki minglab turdagi qush, hayvon va hasharotlar uchun boshpana hamdir. Bir hududda daraxtlarning yo‘q qilinishi tabiatdagi muvozanatni buzadi. Qolaversa, daraxtlar suv tanqisligining oldini oladi. Ya’ni, daraxt bor joyda suvning parlanishi kamayib, yashillik saqlanib qoladi.

Nafas yo‘llari kasalligi birinchi o‘ringa chiqdi

Guljahon Ibragimova,

viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi revmatologiya va pulmonologiya bo‘limi boshlig‘i, oliy toifali pulmonolog:

— Bundan bir necha yil oldin aholida ko‘p uchraydigan kasalliklar orasida yurak xastaligi birinchi o‘rinda edi. Hozir pulmonologik kasalliklarga chalinuvchilar undan ham ko‘p bo‘lmoqda. O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi shular jumlasidan.

Bu kasallik organizmda birdan paydo bo‘lmaydi, yillar davomida zaharli gazlarga to‘yingan havodan nafas olish oqibatida rivojlanib keladi. Ilgari unga asosan novvoy va payvandchilar chalinardi. Hozir u kasb tanlamayapti. Bo‘limimizga murojaat qiluvchilarning har 10 nafaridan birida shu xastalik aniqlanmoqda.

Aslida vaziyat bundan ham yomon bo‘lishi mumkin. Sababi, viloyatimizda pulmonolog shifokorlar juda kam. Shu bois o‘zida balg‘amning ko‘p ajralishi, hansirash holatlarini sezganlar kardiolog yoki boshqa shifokorlar oldiga borib, keraksiz muolajalarni olishmoqda. Bugun na fuqarolar va na tor soha shifokorlarida nafas yo‘llarining surunkali kasalliklari haqida yetarli tushuncha bor. Umuman, odamlarga zaharli gazlarga “boy” havodan nafas olayotganimiz uchun ko‘p xasta bo‘layotganimizni ham tushuntirib bo‘lmayapti. Holbuki, ayni omil nafaqat nafas yo‘llaridagi kasalliklar, balki asab tizimi, yurak, qon-tomir kasalliklarining ham sababchisi hisoblanadi. Umuman, kislorod tanqisligi butun organizm uchun zararli. Kishilarda ishchanlikning pasayishi, uyqu bosishi, umumiy holsizlik tanamiz kislorodga to‘yinmayotganidan dalolat.

Shu sababli shifokor sifatida aholiga yilda bir marotaba bo‘lsa-da, tog‘li hududlarda, o‘rmonlarda toza havodan nafas olib o‘tkazishlarini maslahat bergan bo‘lar edim. Bu tanadagi kasalliklarning surunkali ko‘rinishga o‘tishiga to‘siq bo‘ladi.

Havoning ifloslanishi iqtisodiyotga ham zarar

Yaqinda Jahon banki guruhi xodimlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamkorligida tayyorlangan hisobot e’lon qilindi.

Unda ta’kidlanishicha, “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish barqaror va inklyuziv bozor iqtisodiyotiga o‘tishning ajralmas qismi. Biroq mamlakatimizda bu borada qator muammolar bor. Xususan, O‘zbekiston aholi jon boshiga tabiiy resurslar bo‘yicha Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan, Qozog‘istonni hisobga olmaganda, yaxshiroq ko‘rsatkichga ega. Ammo tabiiy kapitalda yaylovlar va haydaladigan yerlarning ulushi ko‘p, ekotizimlarning ishlab turishini ta’minlaydigan o‘rmonlar va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar esa kam. Shu va suvdan ortiqcha foydalanish bilan bog‘liq omillar hududda yer degradatsiyasining tarqalishda davom etishiga sabab bo‘ladi.

Degradatsiyaga uchragan yerlardagi changning shamol ta’sirida ko‘chishi, shahar va sanoat manbalaridan chiqadigan qattiq zarrachalar havoning ifloslanish holatini og‘irlashtiradi. Aholining katta qismi muntazam ravishda toza bo‘lmagan havodan nafas oladi, yalpi ichki mahsulotning 6 foiziga teng bo‘lgan tasodifiy bo‘lmagan o‘lim holatlarini havo ifloslanishi bilan bog‘lash mumkin. Yer degradatsiyasi iqtisodiyot uchun ham juda qimmatga tushadi va bu o‘zaro bog‘liq ekologik muammolarni keltirib chiqaradi.

Bu mutaxassislarning izlanishlari natijalari, fikr va takliflari edi. Guvohi bo‘lganingizdek, ekologik inqiroz ostonada turibdi. Shunday ekan, xulosa qilishga shoshilaylik.

Anvar Mustafoqulov,

Asqar Barotov.