Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Davlat gazetasi xususiy tadbirkor ixtiyoriga o‘tsa, nima bo‘ladi?

Shu yil 26 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimiz Prezidentining “Iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Ushbu hujjat loyihasi boshqalardan ko‘ra biz, jurnalistlar, davlat tasarrufida bo‘lgan bosma nashrlar xodimlarini boshdan do‘ppini olib o‘ylashga majbur etdi. Nega deysizmi?

O‘ylab ko‘ring, loyihada 900 dan ortiq davlat ulushi bo‘lgan ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, hatto ma’naviyat sohasida faoliyat yuritayotgan matbuot nashrlarini xususiylashtirish taklifi o‘rtaga tashlangan. Ular orasida buyum va dehqon bozori ham, bankrot holatiga kelgan ishlab chiqarish korxonalari ham bor. Ayting-chi, bugun davlatdan bir tiyin ham ta’ma qilmaydigan – o‘z kunini bir amallab o‘tkazayotgan gazeta tahririyati bilan kunlik tushumning bir qismini hamyoniga urayotgan “bozorchilar” yoki allaqachon korxonasini kemirib bo‘lgan “tadbirkor”ga bir xil talab qo‘yish adolatdanmi?

Biz bosma nashrlarning xususiylashtirilishi tarafdorimiz. Bunga hech qanday e’tiroz yo‘q. Ammo maqsad davlat ulushi bo‘lgan korxonalarni xususiylashtirish ekan, bu talabni eng avvalo, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish korxonalari oldiga qo‘yish maqbul emasmi? Tahririyatlarni xususiylashtirish orqali ularning faoliyati to‘xtab qolishi mumkinligi ko‘plab ijodkorlarni tashvishga solmoqda. Tahririyatlar xususiylashtirilganda ularning asosiy faoliyati, ya’ni gazeta chop etish davriyligi davom etishiga hech kim kafolat bermaydi. Negaki, tadbirkor foydasi bo‘lmaydigan biznes bilan shug‘ullanishni xohlamaydi. Bu borada tadbirkorning zimmasiga biror mas’uliyat yuklash kerak, nazarimizda. Ilgari xususiylashtirilgan kinoteatrlardan uning egalari boshqa maqsadlarda foydalanganini bir eslang.

Qaror loyihasidagi ro‘yxatga Respublika Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan barcha viloyat, tuman va shahar hokimliklari muassisligida chop etilayotgan gazetalar to‘liq kiritilmagan. Buning sababi nimada? Birgina, Samarqand viloyatida bugun faoliyat yuritayotgan viloyat, shahar, tuman bosma nashrlarining yarmi ro‘yxatdan tushib qolgan. Xususan, ro‘yxatda bo‘lmagan “Ovozi Samarqand”, “Urgut sadosi”, “Bulung‘ur hayoti”, “Past Darg‘om haqiqati”, “Nurobod”, “Kattaqo‘rg‘on haqiqati”, “Kattaqo‘rg‘on tongi”, “Istiqbol sari” va “Paxtakor ovozi” gazetalarining keyingi taqdiri nima bo‘ladi?

Bundan 7-8 yil muqaddam bosma axborot nashrlari qayta ro‘yxatga olinganida ularning ayrimlari “Davlat korxonasi”ga aylantirilgan. Holbuki, 3-4 ta kompyuterdan boshqa texnik vositaga ega bo‘lmagan tahririyatda nima va qanday mahsulot ishlab chiqarish mumkin? Nega gazetalar tahririyatlari ishlab chiqarish korxonasi qatorida Davlat ro‘yxatiga olingan va davlat korxonasi bo‘lishidan ma’no nima, degan savol muammo sifatida o‘rtaga tashlanadi. Gazetalar faoliyati va nazorati xususiy tadbirkor qo‘liga o‘tsa, avvalo, har bir tahririyatda uzoq yillar mobaynida tarkib topgan va an’anaga aylangan ijodiy muhit hamda ijodkorlarning taqdiri nima bo‘ladi? Tadbirkor albatta, foyda ko‘rishni istaydi. Tahririyatning yilni foyda bilan yakunlashi juda mushkul masala. Shu o‘rinda tadbirkor va ijodkorning faoliyatini birlashtirish kutilgan natijani beradi, deb hech kim kafolat bera olmaydi.

Loyihada mamlakat bo‘yicha faqatgina 4 ta gazeta davlat tomonidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan. Ular yangi qonunlar, Prezidentning qaror va farmonlari, Vazirlar Mahkamasi va boshqa tegishli yuqori organlarning ko‘rsatmalarini omma o‘rtasida targ‘ib va tashviq etish uchun yetarli imkoniyatga egami?

Qaror loyihasini muhokama etish uchun juda qisqa muddat belgilanganligi xususiylashtirilishi ko‘zlanayotgan gazetalar tahririyatlarining minglab ijodiy va texnik xodimlari taqdiriga daxldor bo‘lgan hujjat aynan ularning faoliyatida muammolar keltirib chiqarishi mumkinligini ko‘z oldimizga keltiraylik.

Hakim JO‘RAYeV,

Quvondiq XALILOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zolari.