Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Davlat ko‘magi bilan Umra ziyoratiga borgan ehtiyojmand oila vakillaridan iborat ziyoratchilarning bir guruhi qaytib keldi

- Mo‘min-musulmonlarning orzusi bo‘lgan bu muborak safarga borish har kimga ham nasib qilavermaydi. Buning uchun kimlardir misqollab pul yig‘adi. Bugungi kunda kutilmaganda ijtimoiy "daftar"larda ro‘yxatda turadigan xonadonlar vakillari armonga aylanishi mumkin bo‘lgan orzusi ro‘yobga chiqdi. Ular orasida men ham borligimdan shukrona keltiraman.

Bu gaplarni qutlug‘ Ramazon oyida muborak Umra ziyoratini ado etib qaytgan oqdaryolik Halima Boboqulova so‘zlab berdi.

Darhaqiqat, viloyatimizdagi ehtiyojmand, shu bilan birga ibratli oilalar vakillaridan 100 nafariga davlat tomonidan berilgan yo‘llanma asosida muborak kunlarda Umra ziyoratini amalga oshirish nasib etdi.

- Prezidentimizning 17 fevral kuni Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov kam ta’minlangan oilalar vakillarini Umraga yuborishda davlat tomonidan yordam berilishini taklif qilgan edi, – deydi viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov. – Davlatimiz rahbari bu iltimosni qanoatlantirib, adolatli taqsimot qilib berilsa, yordam ko‘rsatishga tayyorliklarini bildirgandi. Ana shu tashabbus asosida tuman va shaharlaridan aholi soniga qarab, 7-8 nafardan, jami 100 kishining ro‘yxati shakllantirildi. Bunda ziyoratga boruvchilarning mahallada, el o‘rtasida hurmat-e’tibor qozongani, muqaddas safarga borishga moddiy imkoniyati yetarli emasligi va boshqa jihatlar e’tiborga olindi.

Samarqandlik ziyoratchilardan tashkil topgan guruhlardan biri bu muborak safarni ado etib qaytdi.

- Bizni kutib olish, mehmonxonalarga joylashtirish va boshqa barcha xizmatlar a’lo darajada bo‘ldi, - deydi Samarqand shahri So‘zangaron mahallasida yashovchi Jangir Ibragimov. – Ramazon oyida ado etilgan Umra ziyorati muborak Haj  amali bilan barobar bo‘lishi mumkinligi, shuningdek, safar chog‘ida tutilgan ro‘zaning savobi katta ekanligi qalbimizda behisob shukronalik tuyg‘ularini his qildik.

Ayni paytda samarqandlik ziyoratchilarning bir guruhi Madina va Makka shaharlarida Umra amallarini ado etmoqda.

Xayrullo Sattorov,

viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari.