Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 mart kuni “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasini takomillashtirish, o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilarining malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish hamda atamashunoslik bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi etib belgilandi.

Vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari xodimlari hamda respublikada doimiy istiqomat qilayotgan boshqa tillarda so‘zlashuvchi aholi, shu jumladan, xorijiy fuqarolar uchun universitet huzurida yuridik shaxs maqomiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi davlat universitetlari hamda pedagogika institutlari huzurida hududiy bo‘linmalariga ega bo‘lgan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tashkil etildi.

Davlat xizmatchilari va aholining nutq madaniyati hamda notiqlik mahoratini oshirish, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha kurslar tashkil etish markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

Markaz va uning hududiy bo‘linmalarida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari xodimlari pulli shartnoma asosida o‘qitiladi. Aholi uchun esa o‘zbek tilida yozma va nutq madaniyatini shakllantirish bo‘yicha bepul o‘quv kurslari tashkil etiladi. Bepul o‘quv kurslarining xarajatlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Markaz va uning hududiy bo‘linmalarida ish joyidan ajralgan holda ta’lim olayotgan tinglovchilar uchun o‘qish davrida asosiy ish joyidagi lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlanadi.

Shuningdek, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab respublika ta’lim muassasalarida ona tili va adabiyoti o‘qituvchilariga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplash va uzoq hududlardan o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida davlat universitetlari hamda pedagogika institutlarida o‘zbek tili va adabiyoti bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qitish tashkil etiladi.