Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Davlat xizmatchisi har yerda, har tomonlama namuna ko‘rsatishi kerak

Joriy yilning 8 avgustida Prezidentimiz tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomini belgilovchi va faoliyatini yagona qoidalar asosida tartibga soluvchi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi.

Qonunda davlat fuqarolik xizmatchilariga quyidagi talab va vazifalar qo‘yilmoqda. Ya’ni, rahbarlik lavozimiga tayinlanayotgan har qanday shaxs oliy ma’lumotga va davlat fuqarolik xizmati hamda egallagan mutaxassisligiga doir qonun hujjatlarini qo‘llash uchun zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozim.

Shuningdek, davlat xizmatchisidan xorijiy tillardan birini mukammal bilish, strategik va tahliliy fikr yurita olish, soflik va adolatda o‘rnak bo‘lish, ish vaqtidan samarali foydalanish, korrupsiya holatlariga qarshi kurashish kabi xislatlar talab etiladi.

Davlat xizmatchilarining xizmat faoliyatiga oid va xizmatdan tashqari odob-axloqi, jamoatchilik bilan munosabatlariga doir qoidalarga rioya etishlarini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari” tasdiqlandi.

Albatta, har bir davlat organi, hokimliklar va boshqa tashkilotlarning faoliyati samaradorligi ularda mehnat qilayotgan xodimlarning idoraviy odob-axloq qoidalariga rioya qilishiga bog‘liq. Endi ushbu namunaviy qoidalarda davlat fuqarolik xizmatchilarining nafaqat faoliyati davomidagi, balki ishdan tashqari vaqtdagi xulq-atvorining umumiy qoidalari ham belgilandi. Jumladan, davlat xizmatining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilish, axloq normalariga doimiy rioya qilish, mas’uliyat, kasbiga sadoqat va halollikni kundalik shiorga aylantirish, murakkab vazifalarni bajarishda hamkasblariga ko‘maklashish davlat xizmatchisining muhim fazilatlari sifatida ko‘riladi.

Davlat xizmatchisining fuqarolarda davlatga nisbatan ishonch hamda hurmat hissini uyg‘otishi, jamoada, oilasida sog‘lom muhitni ta’minlash, oila a’zolariga doimiy g‘amxo‘r bo‘lishi, farzandlarida vatanparvarlik va boshqa yuksak axloqiy fazilatlarni shakllantirishi, fuqarolarning ijtimoiy kelib chiqishi, iqtisodiy ahvoli va boshqa omillardan qat’i nazar, ular bilan bir xil, samimiy, odob doirasida munosabatda bo‘lishi jamiyat ravnaqi hamda xalq manfaatlariga xizmat qiladi.

Oybek OQBO‘TAYeV, viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.