Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Davlat xizmatlari qamrovi qachon oshadi? Tezkorligi-chi?

Bugungi kunda davlat xizmati turlari 157 taga yetdi. Samarqand viloyatida ulardan kuniga o‘rtacha 2 ming nafardan ortiq aholi foydalanmoqda. Yil boshidan 11 may kuniga qadar viloyatdagi davlat xizmatlari markazlari orqali 141 661 ta xizmat ko‘rsatildi.

Shuningdek, shu davrda 11 639 ta tadbirkorlik sub’yekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Shundan, 3 905 tasi  yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan kichik biznes sub’yektlari bo‘lsa, 7 734 tasi yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan tadbirkorlardir.

Albatta, bu raqamlar o‘z-o‘zidan kelib chiqayotgani yo‘q. Bunda viloyatning barcha tuman, shaharlari markazlarida qad rostlagan zamonaviy, shinam va barcha sharoitlarga ega davlat xizmatlari markazlarining to‘liq foydalanishga topshirilganligi aholiga qulaylik yaratmoqda. 

Prezidentimizning 10 may kuni davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi islohotlar natijadorligiga oid taqdimot bilan tanishuvi hamda mazkur jarayonda sohaga doir ko‘plab muammolarni ko‘tarib, yangi vazifalarni belgilab bergani o‘z ishimiz va faoliyatimizga yangicha dunyoqarash bilan qarashimiz kerakligi, ayniqsa, hududlarda aholi manfaatlarini ko‘zlab, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda o‘ziga xos tajribani qo‘llashimiz zarurligini ko‘rsatdi.  

Taqdimot davomida davlatimiz rahbari davlat idoralarining xalqimizga xizmati odamlarni rozi qilishning asoslaridan biri ekanligi, qaysi qishloqda, mahallada qaysi xizmatga ehtiyoj borligiga qarab, shunga sharoit yaratish kerakligi hamda qaysi xizmatlarni arzonlashtirish, qaysilarini bepul qilish masalasini tahlil etib, aholiga yengillik va qulaylik yaratish zarurligini alohida ta’kidladi.

Xo‘sh, bu borada Samarqandda qanday ishlar amalga oshirildi?

Ayni paytda tuman (shahar) markazlaridan olis hududlar, ya’ni Qo‘shrabot tumanidagi Jonbuloq, Nurobod tumanining Sahoba, Past Darg‘om tumanining Oltiqahramon, Samarqand tumanidagi Qaynama, Kattaqo‘rg‘on shahrining Ingichka hamda Urgut tumanining Jartepa qishlog‘ida davlat xizmatlari markazlarining shoxobchalari faoliyat yuritib kelmoqda. Tashkil etilgan filiallar barcha zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, markaz xodimlari tomonidan aholiga haftada ikki kun tezkor, qulay va shaffof davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda bunday shoxobchalar soni yana bir nechtaga ortadi.

Aniqroq aytganda, Payariq tumanining Imom Buxoriy hamda Paxtachi tumanining Qarnab ota mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarida ana shunday shoxobchalar mustaqillik bayrami arafasida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, odamlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida chekka va olis hududlardagi pochta aloqa bo‘limlarida ham elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi kunda viloyat markazidan olisda joylashgan Qo‘shrabot tumanidagi 2 ta, Paxtachi tumanidagi 4 ta hamda Payariq tumanidagi 3 ta pochta aloqa bo‘limlarida fuqarolarimiz 10 dan ortiq davlat xizmatlarini o‘zlari yashab turgan qishloqlardan chiqmasdan olish imkoniga ega. Yil yakunigacha Qo‘shrabot tumanidagi 10 ta, Paxtachi tumanidagi 9 ta va Payariq tumanidagi 12 ta pochta aloqa bo‘limlarida ham shu singari xizmat turlarini ko‘rsatish ko‘zda tutilgan. Bu qamrov viloyatning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich davom ettiriladi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, xorijiy tajriba asosida 2021 yil yakuniga qadar davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 200 taga yetkazilishi, barcha 716 ta davlat xizmatini inventarizatsiya qilib, ularning muddatlari, to‘lov miqdorlari, shartlari va boshqa talablarini soddalashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu masalalar bejiz tilga olinmadi. Chunki ko‘plab rivojlangan davlatlarda fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi allaqachon raqamlashtirilgan. Biz esa bunga endi o‘tayapmiz. Yaqindan boshlab, xizmatlardan foydalanish tizimi yanada yengillashtirildi. Jumladan, 450 dan ortiq qonun hujjatida belgilangan 18 turdagi ma’lumot va hujjatlarni aholi va tadbirkorlardan talab qilish bekor qilindi. 1 iyundan fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshirilishi, notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali olinishi belgilandi.

Shuning uchun viloyatimizda fuqarolik holati dalolatnomalari arxividagi 6 million 525 ming 864 dona qog‘oz shaklidagi ma’lumotlar to‘liq raqamlashtirildi. Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’yektlariga elektron raqamli imzo kalitini olishda qulaylik yaratilib, ular ushbu jarayonda to‘lovlarni naqd pul ko‘rinishida ham amalga oshirishlari mumkin. Albatta sohadagi yangiliklar shular bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Ular son jihatidan ham, sifat jihatidan ham ancha yuqori.

Maqsud Qurbonov,

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i.